Muzokaralar davomida shu yilning iyul oyida Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Koreya Respublikasiga rejalashtirgan tashrifi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi boʻlajak tashrif doirasida ikki davlat oʻrtasida maxsus strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash boʻyicha hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilishni maqsad qilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boʻlim boshligʻi Oʻzbekistoni– Janubiy Koreya munosabatlari hamda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichini yuqori baholadi.

Kim Pil Vu Oʻzbekiston Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim sherigi ekanini taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va yordamga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Janubiy Koreya hukumati COVID-19 dasturi doirasida toʻrtta mamlakatni qoʻllab-quvvatlash loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihaga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasiga ham moddiy yordam ajratishga qaror qilindi.

Uchrashuv yakunida Kim Pil Vu Byuro bosh direktori sifatida Toshkent bilan Seul oʻrtasida maxsus strategik sheriklik aloqalarini yana-da mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilishini taʼkidladi.