Oʻzbekiston hukumati tomonidan milliy madaniy meros obyektlarini saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli siyosatdan kelib chiqqan holda, ushbu yoʻnalishdagi faoliyatda zamonaviy informatsion texnologiyalarni tadbiq qilish katta istiqbolga ega ekani hisobga olinib, “New Layer” va “EGIS” kompaniyasi Oʻzbekiston bilan hamkorlikning dastlabki bosqichida Buxoro shahridagi tarixiy obidalardan biri boʻlgan Somoniylar maqbarasinig raqamli nusxasini yaratish boʻyicha pilot loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishni rejalashtirgan.
Shu maqsadda, joriy yilning 19-iyun kuni “New Layer” kompaniyasi direktori Li Kvang Se boshchiligidagi delegatsiya vakillari Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va tegishli boshqa masʼullar bilan uchrashishdi.
– Ushbu loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad – tarixiy yodgorlikni saqlash va boshqarish ishlarini zamon talablari asosida tashkil qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy turistlar uchun majmua boʻylab virtual sayohat qilish imkoniyatini yaratishdan iborat, -deydi Li Kvang Se.
Loyihani amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi hukumati tomonidan 150 ming dollar miqdorida grant mablagʻlari ajratish moʻljallangan. Loyihani amalga oshirish ishlari yil yakuniga qadar tugallanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, pilot loyiha muvafaqiyatli amalga oshirilgach, Janubiy Koreyalik hamkorlar tomonidan Buxoro viloyatidagi barcha tarixiy yodgorliklarni qamrab oluvchi madaniy meros obyektlarining umumiy raqamli tizimini yaratish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida Koreyaning “New Layer” va “EGIS” kompaniyalari hamda Buxoro viloyati hokimligi va Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolandi, deya xabar beradi Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasining matbuot xizmati.