Nashr Oʻzbekiston soʻnggi yillarda inson huquqlarini himoya qilish sohasida sezilarli natijalarga erishganini taʼkidlagan. Bugungi kunda mamlakatda inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotiga muntazam va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning oʻziga xos modeli shakllandi.
Materialda Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq asosiy xalqaro hujjat, shu jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta ixtiyoriy bayonnomalarga qoʻshilgani maʼlum qilingan. Ularning bajarilishi toʻgʻrisida BMTning inson huquqlari mexanizmining turli organlariga muntazam ravishda milliy maʼruzalar taqdim etib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh assambleyasining 72- va 75- sessiyalaridagi ishtiroki ham muhim voqea boʻldi. Hamkorlikning yangi muhiti tufayli Oʻzbekiston BMT faoliyatining barcha yoʻnalishlardagi jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Bu esa yetakchi xalqaro tashkilotga aʼzo davlatlarning respublika bilan munosabatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
BMT doirasida Oʻzbekiston ilgari surayotgan barcha tashabbuslar dunyo hamjamiyati tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Mazkur tashabbuslar bugungi kunda tinchlik, barqarorlik hamda izchil rivojlanishni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qoʻshmoqda.
“Oʻzbekiston BMTning inson huquqlari boʻyicha organlarining butun dunyo boʻylab inson huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini yuqori baholaydi. Inson huquqlarini himoya qilishga ushbu universal xalqaro tashkilot bilan oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaraladi. Chunki inson huquqlarini taʼminlamay turib, davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar rivojlanish masalalarini hal qilish mumkin emas”, - deb yozadi Janubiy Koreya nashri.
Oʻzbekistonda xalqaro qonunchilik bazasini oʻrganish, favqulodda vaziyat, epidemiya va pandemiya sharoitida inson huquqlari va erkinliklarini huquqiy tartibga solishning ilgʻor xorijiy va mahalliy tajribalari asosida 50 dan ortiq qonun, davlat rahbarining farmon va qarorlari qisqa vaqt ichida qabul qilindi.
Maqolada qayd etilishicha, mazkur hujjatlar aholi xavfsizligi, odamlar va tibbiyot muassasalarining dori-darmonlar, tibbiyot buyumlari, tibbiy asbob-uskunalar va zarur tovarlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, kasallikning tarqalishi oldini olish, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash jarayonida ishtirok etayotgan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari, sanitariya-epidemiologik barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, fuqarolarning manzilli ijtimoiy himoyasi, iqtisodiyot va tadbirkorlarga sharoitlar yaratishga qaratilgan.
“Umuman olganda, tezkor va oʻz vaqtida koʻrilgan tizimli choralar Covid-19 koronavirusining keng tarqalishini oldini olishga, mamlakatning barqaror ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga imkon berdi”, - deb yakun yasaydi “The Korea Post”.