Janubiy Koreya olimlarining kartoshka urugʻchiligi boʻyicha ilmiy tadqiqotlari oʻrganildi

    Agrosektor 5 Oktabr 2022 658

    Avvalroq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi haqida xabar bergan edik.

    Delegatsiya vakillari ushbu tashrif doirasida yana boshqa qishloq xoʻjaligi obyektlarida ham boʻldi. Xususan, Togʻli tumanlar qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishildi.

    Ushbu ilmiy-tadqiqot instituti 1959-yili tashkil etilgan boʻlib, asosan yangi kartoshka navlarini yaratish, urugʻlik kartoshkani yetishtirish bilan shugʻullanadi. Ayni kunlarda bu yerda biotexnologik usulda “In vitro” sharoitida kartoshka urugʻligini koʻpaytirish boʻyicha ilmiy ishlar olib borilyapti. Ushbu tajriba ayniqsa, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislarining qiziqishiga sabab boʻldi. Bundan tashqari, institutda kartoshkaga zarar yetkazadigan zararkunandalarga va virusli hamda boshqa kasalliklarga qarshi kurash boʻyicha tadqiqotlar oʻtkaziladi. Kartoshka urugʻchiligi yoʻnalishida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Koreyalik olimlarning taʼkidlashicha, istiqbolda grechka va qulupnay yetishtirish boʻyicha ilmiy ishlarni boshlash rejalari ham bor.

    Togʻli tumanlar qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti Janubiy Koreya Respublikasi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish administratsiyasi (RDA) tashkiloti tarkibiga kiradi. RDA hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, ekinlarning mavjud holatini oʻrganadi va samarali ekin turlarini ekish va ixtisoslashtirish boʻyicha hukumatga taklif beradi.

    Shuningdek, mamlakatda Qishloq xoʻjaligida bilim, innovatsiya va agroxizmatlar AKIS markazlari faoliyati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Ularning mamlakat boʻyicha 9 ta provinsiya, 156 ta tuman va shaharlar, 728 ta hududda fermerlarga maslahat berish ofislari mavjud.

    Eʼtiborlisi, Janubiy Koreyada agrar sohaning Milliy qishloq xoʻjaligi maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan. Ushbu sohaga qiziqadiganlar ochiq manba boʻlgan bazadan qishloq xoʻjaligiga oid istalgan maʼlumotlarni topishlari mumkin.

    Yana bir muhim jihat, davlat qishloq xoʻjaligi subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi kabi moddiy resurslarni arzon narxlarda yetkazib beradigan va imtiyozli kreditlar ajratadigan muassasalarni tashkil etgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.