Bu orqali Toshkent viloyati aholisiga E–8 mavsumiy ishchi vizasi asosida 8 oy davomida Koreyaning bir qator hududlarida rasmiy mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasining Geongsangnam-do provinsiyasi gubernatori Pak Vansu bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuv yakunida tomonlar E–8 vizasi doirasida Toshkent viloyatidan ishchilarni tanlab olish va ularni Hapchon, Chongnyang okruglari hamda Miryang shahrida 8 oy (5+3) muddatga ishga jalb etish boʻyicha kelishuvga erishdi.
Muzokaralar natijasida Migratsiya agentligi va Geongsangnam-do provinsiyasi oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida mavsumiy ishchi kuchini jalb qilishga oid ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Avvalroq Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Koreya Adliya vazirligi oʻrtasida fuqarolarni E–8 dasturiga qayta jalb etish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi. 14-oktyabrda imzolangan yangi hujjat ana shu kelishuvning amaliy bosqichini tashkil etadi.
Koreya Adliya vazirligi talabiga koʻra, bunday dasturlarda ishchi kuchini yuboruvchi va qabul qiluvchi hududlar aniq belgilanishi shart. Shu asosda Toshkent viloyati fuqarolari pilot tarzda provinsiyaning 3 hududiga yuboriladi. Ayni paytda dastur aynan Toshkent viloyatida amalga oshirilayotganining sababi — viloyat bilan Geongsangnam-do provinsiyasi oʻrtasida doʻstlik memorandumi mavjudligi va Koreya talabi boʻyicha dastur avval aniq hududlar asosida yoʻlga qoʻyilishi zarurligidir.
"Maʼlumki, 2021-yilda Oʻzbekiston Koreyaga E–8 vizasi orqali ishchi yuborgan ilk davlat boʻlgan. Oʻshanda 420 nafar fuqaro pilot loyiha asosida ishlagan, ammo baʼzi ishchilar shartnoma tugagach vatanga qaytmagani sababli, dastur vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Fuqarolarning koʻplab murojaatlaridan keyin ikki davlat idoralari uzoq muzokaralar olib bordi va Koreya hukumati ushbu imkoniyatni yana ochishga qaror qildi. Shu munosabat bilan fuqarolardan mehnat shartnomasi va Koreya qonunchiligiga qatʼiy amal qilish, belgilangan muddatda vatanga qaytish talab etiladi. Bu — kelgusida dasturning davom etishi yoki cheklanishiga taʼsir qiluvchi muhim omil hisoblanadi", — deya ogohlantiradi Agentlik.
Joriy yil noyabr–dekabr oylarida Koreya okrug hokimliklaridan boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha talabnoma va nomzodlar roʻyxatini qabul qilish rejalashtirilgan. Batafsil maʼlumotlar Migratsiya agentligining “Xorijda ish” Telegram kanalida eʼlon qilinishi aytildi.








