Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizimati rahbari Jamoliddin Qalandarov quyidagilarni maʼlum qildi.

Gap shundaki, hozirgi kunda Janubiy Koreyadagi iqtisodiy oʻzgarishlar tufayli, jumladan, yurtdoshlarimiz ish joyini sababsiz tark etish holatlari koʻp kuzatilmoqda.

Afsuski, bir kishi qilgan xato koʻpchilikka salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Natijada ishchi migrantlar uchun ajratilayotgan kvotalar soni kamayadi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkin, ayni payt Koreyada nolegal yurgan Oʻzbekiston fuqarolari 9,6 foizga yetgan. Agar bu 10 foizga chiqadigan boʻlsa, mazkur davlat biz bilan migratsion aloqa tizimini qayta koʻrib chiqishi mumkin.

Darhaqiqat, 2024-yil Janubiy Koreyaga E-9 vizasi bilan ishlash uchun 3080 nafar fuqaromiz yuborilgan boʻlib, bu raqam 2023-yilga nisbatan ancha pasaygan.

Qayd etilishicha, bu vaziyat faqat oʻzbekistonliklar bilan bogʻliq emas, boshqa davlatlardan borganlar uchun ham shunday choralar koʻrilyapti. Masalan, Nepal ushbu mamlakatga yuborgan migrantlar soni bir yilda 19 758 kishidan 7081 nafarga kamaygan.

Shu oʻrinda aytish kerak, yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz sabab, Koreyada koʻplab kompaniyalar oʻzlarini bankrot, deb eʼlon qilmoqda.

Shundan kelib chiqib, agentlik mutaxassislari ushbu davlatda boʻlib turgan yurtdoshlarimizdan mehnat intizomiga, shartnomada koʻrsatilagan talablarni toʻliq bajarishga, qonunlarni buzmaslikka chaqiradi.

Hozir tashkilot tomonidan ilgari surilayotgan koʻnikma va moslashuvni kuchaytirishga qaratilgan dasturlar yuqoridagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Zero, bu sohadagi kelgusi aloqalar uchun juda muhim hisoblanadi.