Koreya Respublikasi parlamenti mamlakat prezidenti Yun Sok Yolni konstitutsiyaviy tuzumni ag'darishga qaratilgan isyonda gumon qilib, harbiy holat bo'yicha maxsus tergov o'tkazish to'g'risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.
Qonun loyihasi yalpi majlisda ma'qullandi. Yig'ilgan 287 deputatdan 210 nafari yoqlab, 63 nafari qarshi ovoz berdi, 14 nafari betaraf qoldi. 7-dekabr kuni hukmron “Fuqarolik kuchi” partiyasi prezidentning impichmenti bo'yicha ovoz berishni boykot qildi, natijada u e'lon qilinmadi. “Fuqarolik kuchi” parlamentdagi 108 o'ringa ega.
Hujjatda prezident Yun Sok Yol gumonlanuvchi sifatida ko'rsatilgan va u “qonunlar va konstitutsiyani buzgan holda harbiy holat e'lon qilinganidan keyin” uni bekor qilish bo'yicha Milliy Assambleyaning konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida “qo'zg'olon uyushtirganlikda” ayblangan.
Janubiy Koreya qonunchiligi prezidentni isyon ko'tarish va davlatga xiyonatda ayblab jinoiy javobgarlikka tortishga imkon beradi. Bir qancha huquq-tartibot idoralari tergov olib bormoqda, prezidentga mamlakatni tark etish taqiqlandi, deb xabar beradi tass.ru.