Janubiy Koreya parlamenti prezidentga nisbatan impichmentni qo'llab-quvvatladi

    Koreya Respublikasi parlamenti harbiy holat joriy etgan prezident Yun Sok Yolga impichment e'lon qildi.

    Bu haqda parlament spikeri U Von Sik ma'lum qildi.

    Ovoz berishda barcha 300 deputat ishtirok etdi. Impichmentni 300 deputatdan 204 nafari qo'llab-quvvatladi. 85 kishi qarshi chiqdi, uch nafari betaraf qoldi, 8 ta ovoz esa haqiqiy emas deb topildi.

    Endi ishni Konstitutsiyaviy sud ko'rib chiqadi va impichmentni tasdiqlash yoki Yun Sok Yolni lavozimga qayta tiklash to'g'risida qaror qabul qiladi. Ishni ko'rib chiqish 6 oygacha davom etishi mumkin.

    12-dekabr kuni respublika prezidenti konstitutsiyaviy tuzumni ag'darishga qaratilgan isyonda gumon qilinib, unga nisbatan impichment jarayoni bo'ladimi yoki jinoiy tergov bo'ladimi, “oxirigacha kurashishini” aytdi. U parlamentning harbiy holatni bekor qilish talabiga bo'ysungani uchun mamlakat asosiy qonunini buzmaganini ta'kidladi. Yun Sok Yol o'zini isyon ko'tarish ayblovlari bo'yicha ham aybdor deb hisoblamaydi va uning harbiy holat joriy etish haqidagi qaroriga huquqiy nuqtai nazardan e'tiroz bildirib bo'lmaydi.

    Muxolifat harbiy holat joriy etish uchun hech qanday asos yo'q edi, deb hisoblaydi. Konstitutsiyaga ko'ra, davlat rahbari urush, qurolli to'qnashuv yoki milliy ofat sodir bo'lgan taqdirda jamoat tartibini va harbiy ehtiyojlarni saqlash uchun harbiy holat e'lon qilish huquqiga ega. Yun Sok Yol e'lon qilingan harbiy holat choralari munosabati bilan konstitutsiyaning bir qator moddalarini buzganlikda ayblanmoqda, deb xabar beradi tass.ru.