Tadbir Oʻzbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda, Oʻzbekiston shaxmat Federatsiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi homiyligida tashkil etildi.
Toʻrtta bosqichdan iborat boʻlgan turnirda 32 nafar shaxmatchi oʻzaro bahs olib bordi. Oʻyin 5 nafar hakamlar hayʼati tomonidan kuzatib borildi. Oʻyin vaqtini nazorat qilib borish uchun elektron soatlardan foydalanildi.
Aql gimnastikachilari oʻrtasidagi bahslarda 4 nafar vatandoshimiz faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Xususan, KEFA kompaniyasi xodimi Qobiljon Ikromjanov 1-oʻrinni, Aju universiteti talabasi Shukurullo Yoʻlchiyev 2-oʻrinni, Yonsey universiteti magistranti Akbarxoʻja Akramxoʻjayev 3- oʻrinni va Aju universiteti doktoranti Farhod Abduqodirov esa 4-oʻrinni egalladi.
— Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi hamda Oʻzbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi tomonidan biz vatandoshlar uchun ajoyib sport bayrami tashkil etib berilgani uchun minnatdorlik bildiramiz, — dedi Janubiy Koreyaning KAIST Biznes maktabi magistranti, turnir ishtirokchisi Usmonjon Abdurayimov. — Sport turlari ichida shaxmat insonning aqliy rivojlanishida nihoyatda katta ahamiyatga ega. Shaxmat olami oʻzining nozik jihatlari, taktik sxemalari bilan insonni oʻylashga va aniq qarorlar qabul qilishga undaydi. Shu tomondan bugungi turnir yosh vatandoshlarimiz uchun uchun foydali boʻldi deb oʻylayman. Umid qilamizki, diplomatik vakolatxonamiz hamda yoshlar assotsiatsiyasi tomonidan bu kabi musobaqalar davomli boʻladi.
Turnir yakunida gʻolib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.