Mana beshinchi kun, mamlakatda COVID-19ni yangidan yuqtirganlar soni kuniga ikki yuz nafardan oshmayapti va asta-sekin bu koʻrsatkich kamayib ketyapti. Lekin shunga qaramay, shifokorlar hali boʻshashishga erta deb hisoblayapti. Chunki yangi kasallik kutilmaganda paydo boʻlishi mumkin ekan.
Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 7-sentyabrga oʻtar kechasi holatiga bor-yoʻgʻi 119 ta yangi kasallanganlar qayd etilgan. Bu oʻtgan kunlar statistikasi bilan solishtirilsa, hukumatning koronavirusga qarshi olib borayotgan kurashining ijobiy natija koʻrsatayotganidan darakdir.
Mana, beshinchi kun, yangi kasallanganlar soni 200 nafardan oshmayapti, pasayish tendensiyasi esa: 195-198-168-167-119ni koʻrsatyapti. Hozirgi oʻsish avgust oyining oʻrtalaridan boshlangan edi. Shunda kuniga yuzlab odamlarning kasallanishi qayd etilar edi. Ayniqsa, 27-avgustning oʻzida 441 kishi COVID-19 infeksiyasini yuqtirgandi.
Epitsentr poytaxt hududida boʻlgani vaziyatni nazoratdan chiqib ketish xavfini tugʻdirdi. Shunda hukumat masofani saqlash choralarini kuchaytirdi. 30-avgustdan kafelar faqat “yetkazib berish” xizmatiga oʻtdi. Restoran va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ish tartibi soat kechqurun 9 gacha ishlash bilan chegaralandi. Koʻpchilik jamoat va dam olish maskanlari yopildi. Odamlar doimiy yashash joyini zaruratsiz tark etmaslikka, uchrashuv va boshqa tadbirlarni inkor etishga, hamma tibbiy niqob taqib yurish va shaxsiy gigiyena talablariga rioya etishga chaqirildi.
Aholining koʻpchiligi bu talablarni toʻgʻri qabul qildi. Faqat baʼzi konservativ va radikal yoʻnalishdagi cherkovlardagina muammo paydo boʻldi. Bunday cherkovlarning pastorlari koronavirusga qarshi kurash boʻyicha hukumat talablariga rioya etmaslikka, va cherkovdagi amallarni davom ettirishga chaqirgan. Natijada ishga politsiyaning aralashuviga toʻgʻri keldi. Buni esa keng jamoatchilik qoʻllab-quvvatladi.
Hozirgi vaqtda koronavirusning ikkinchi toʻlqini Koreya Respublikasida pasayib boryapti. Oʻlimlar soni ham keskin kamaygan. 7-sentyabr holatiga Janubiy Koreyada COVID-19dan 336 kishi vafot etgan. Bu 1,58 foiz oʻlim holati demakdir. Sogʻayib ketganlar soni esa 75 foizdan oshgan, deb xabar beradi Rossiyskaya gazeta.
Lekin shunga qaramay, Koreya Respublikasi hukumati va shifokorlari odamlarni hali – 13-sentyabrgacha ijtimoiy masofani saqlashni davom ettirishga chaqiryapti. Avgust oyi tajribasi koʻrsatganidek, kasallik tezda qaytarilishi mumkin. Buning uchun odamlarning kichik bir guruhining notoʻgʻri xatti-harakati ham butun mamlakat boʻylab kasallikning yoyilib ketishi uchun yetarli boʻlishi mumkin.