“Dunyo" AAning xabar berishicha, tayyorgarlik jarayonida Zinnura har kuni bir necha soat oʻzbek va koreys tillarida nutq mashqlari bilan shugʻullandi. Bu nafaqat uning tillararo bilimlarini oshirdi, balki sahnada ishonch bilan chiqish qilishiga ham yordam berdi. Zinnura oʻzi yozgan «Yosudagi maroqli sayohat” mavzusidagi hikoyasini ikki tilda – oʻzbek va koreys tillarida soʻzlab, hayʼat aʼzolarining eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Musobaqada 52 nafar turli madaniyatlarga mansub oʻquvchilar qatnashdi, ular 16 tilda oʻz hikoyalarini taqdim etdilar. 10 yoshli Zinnuraning har ikki tildagi ijodiy chiqishi va u bilan birga Seuldagi tadbirda qatnashgan boshqa ishtirokchilarning mazmunli chiqishlari musobaqaning xalqaro ahamiyatini yanada oshirdi.
Qayd etish kerakki, Zinnuraning opasi Laziza Karimova ham 2023-yilda boʻlib oʻtgan ushbu tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ikkinchi oʻrinni egallagan edi. Laziza oʻz nutqida xalqaro menejment va tarjimonlik sohalarida rivojlanish niyatini bildirgan va dunyo miqyosida kommunikatsiyaning muhimligini taʼkidlagan. Uning nutqi nafaqat shaxsiy yutuq, balki tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, u mazkur tanlovda oʻzbek tilida nutq soʻzlagan birinchi oʻzbek qizi sifatida eʼtirof etilgan edi.
Zinnura va Laziza Karimovalarning gʻalabalari Kvangju shahri va Chollanam-do provinsiyasining tarixidagi ilk yirik yutuqlardan biri sifatida qayd etildi. Ular oʻzbek va koreys tillaridagi muvaffaqiyatlari bilan nafaqat oʻz nomlarini, balki oʻzbek madaniyatini ham xalqaro maydonda namoyish etdilar.