Muloqot chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida barcha sohalarda aloqalar izchil rivojlanib borayotgani, oʻzaro munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Jumladan, koronavirus pandemiyasiga qaramasdan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik ham faol rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.

2019-yilda Hamyang okrugi va Toshkent shahri hamda poytaxt viloyatining Yangiyoʻl tumani oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolangan. Bugungi kunda tomonlar ushbu hujjat asosida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga intilib kelyapti. Pandemiya bilan bogʻliq cheklovlar yumshatilganidan keyin tomonlar oʻzaro tashriflarni amalga oshirishni va qator qoʻshma tadbirlar oʻtkazishni rejalashtirgan.

Hamyang okrugi vakilining maʼlum qilishicha, joriy yil 10-sentyabrdan 10-oktyabrga qadar “Wild Ginseng Hamyang Anti-aging Expo-2021” xalqaro koʻrgazmasi oʻtkaziladi. Ushbu tadbir birinchi bor yirik qamrovda uyushtirilayotgani uchun unda xorijiy mamlakatlarning Janubiy Koreyadagi elchixonalari oʻz mamlakatining madaniyati, sanʼati, xalq tabobati, tarixiga oid koʻrgazmalar va mahsulotlar bilan ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Uchrashuvda joriy yil Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi hamda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasida diplomatiya aloqalari oʻrnatilganining 29 yilligi munosabati bilan ushbu koʻrgazma doirasida “Oʻzbekiston kunlari” tadbirini oʻtkazishga kelishib olindi.

Mazkur koʻrgazmada mamlakatimiz tarixi, madaniyati, sanʼati, sayyohlik salohiyati, xalq tabobati, aholi salomatligi, yoshlarga berilayotgan eʼtibor, ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni oʻzida aks ettirgan ijodiy ishlarning namunalari namoyish etiladi.

“Oʻzbekiston kunlari” doirasida Oʻzbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi vakillari oʻzlarining badiiy chiqishlari bilan qatnashishi ham rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.