Janubiy Koreyada Oʻzbekiston kunlari oʻtkazildi

    Madaniyat 4 Oktabr 2022 1432

    Janubiy Koreyadagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblangan Sejong universitetida oʻzbekistonlik talaba yoshlar ishtirokida Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston kunlari” tadbiri oʻtkazildi.

    Mazkur bayram Oʻzbekiston “Vatandoshlar” jamoat fondi boshchiligidagi delegatsiyaning Janubiy Koreyaga amaliy tashrifi doirasida oʻtkazildi.

    Tadbirning ochilish marosimida “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattorov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qoʻllab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yoʻnaltirish maqsadida tashkil etilgan “Vatandoshlar” jamoat fondining faoliyati haqida maʼlumot berdi.

    Tadbirda soʻz olgan oʻzbekistonlik talabalar yurtimizda Prezidentimiz tomonidan yoshlarning yuqori malakali mutaxassislar boʻlib yetishishi, xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar markazlarida bilim olishi uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar hamda chet eldagi yurtdoshlarimizni qoʻllab – quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan diqqatga molik chora-tadbirlar uchun minnatdorlik bildirdi.

    Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek oʻzbek estradasining yorqin yulduzlari tomonidan taqdim etilgan milliy kuy va qoʻshiqlar bayram tadbiriga yanada fayz bagʻishladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.