Muzokaralar chogʻida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqalararo hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bogʻliq masalalar muhokama etilgani barobarida ikki mamlakat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash tadbirlari doirasida qoʻshma tadbirlarni tashkil etish yuzasidan ham oʻzaro fikr almashildi.

Uchrashuv doirasida Pyontek shahri meri Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish uchun olib borilayotgan saʼy-harakatlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Janubiy Koreya tomoni mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan oʻzbekistonlik sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert tashkil etilishiga koʻmaklashishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Yirik dengiz portiga ega boʻlgan Pyontek shahri Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasida joylashgan. Ushbu shahar ulkan savdo-iqtisodiy salohiyatga ega ekanligi hisobga olingan holda ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatishga koʻmaklashish hamda qoʻshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.