Koʻrgazma pavilyonida tashkil etilgan Oʻzbekiston milliy stendida mamlakatimizning turizm salohiyatini oʻzida aks ettiruvchi fotosuratlar, hunarmandchilik, zardoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, ipakchilik mahsulotlari va boshqa xalq amaliy ijodi namunalari aks ettirildi.
Tadbir qatnashchilari yurtimizning diqqatga sazovor turizm marshrutlari, YUNESKO madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarning qadimiy tarixi va madaniyati hamda hukumatimiz tomonidan zamonaviy sayyohlik infrastrukturasini yaratish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, Samarqand shahrida barpo etilgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi imkoniyatlari toʻgʻrisida tarqatma materiallar taqdim etildi.
Shu bilan birga, xalqaro koʻrgazma doirasida Janubiy Koreya turoperatorlari bilan ikki tomonlama uchrashuv va qoʻshma turlarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi hamda joriy yilning 15-17-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish shartlari bilan tanishtirildi.
Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini keng targʻib qilish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan mamlakatimizdagi buddizm yodgorliklari hamda Rishton, Boysun, Chust va Yangiqoʻrgʻon shaharlarning tarixi, madaniyati va urf-odatlari haqida koreys tilida tayyorlangan tarqatma materiallar taklif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Koʻrgazma mehmonlari Oʻzbekiston stendi bilan tanishar ekan, yurtimizning turizm salohiyatini yuqori baholadi va oʻzlarining taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
- Oʻzbekistonning yarmarkadagi taqdimoti boshqa ishtirokchilardan farqli koʻrinish oldi - dedi “Sopoung Tour” turistik kompaniyasi rahbari Kim Kvan Song. -Men vataningizning tarixda tutgan oʻrni va boy madaniy merosidan juda yaxshi xabardorman. Bugungi taqdimotdan soʻng Oʻzbekistonga sayohat qilish va unga bogʻliq yangi loyihalarni amalga oshirish fikrim yanada qatʼiylashdi. Men bu yerda bir qancha sayyohlik tashkilotlar bilan Janubiy koreyaliklarning Oʻzbekistonga tashrifini kengaytirish borasida fikr almashdim.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, KITS xalqaro sayyohlik yarmarkasi Janubiy Koreyada oʻtkaziladigan eng yirik xalqaro yarmarka hisoblanadi. Bu galgi tadbirda saksondan ziyod mamlakatdan 800 dan ortiq sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etdi.