Janubiy Koreyada vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga imtiyozli stomatologiya yordami ko‘rsatiladi

    Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida «Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi» va «Tops Dental» stomatologiya klinikasi o‘rtasida hamkorlik hamda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

    Tomonlar ushbu davlatda vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga imtiyozli shartlarda stomatologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

    Ushbu klinika yangi, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu yerda yuqori malakali shifokorlar stomatologik xizmatlarning to‘liq spektrini taqdim etadi.

    Uchrashuv natijasiga ko‘ra, tomonlar Uyushma aʼzolariga 20 foizgacha chegirma berilishiga kelishib oldilar.

    Kelgusida mazkur hamkorlik doirasida O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaning boshqa shaharlarida ham tibbiy imtiyozlar bilan taʼminlash masalasini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

    Maʼlumot o‘rnida qayd etish joizki, Janubiy Koreyadagi ko‘p sonli vatandoshlar tashabbusi hamda ushbu davlatdagi diplomatiya vakolatxonamiz ko‘magi bilan tashkil etilgan «Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi» 2020 yil 27 avgust kuni rasman ro‘yxatdan o‘tgan.

    Hozirgi kunga qadar uyushma tomonidan vatandoshlarimizga turli sohalarda yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Ular imtiyozli shartlarda yuridik xizmatlar ko‘rsatish, Janubiy Koreya shifoxonalarida bepul davolanish, talabalar uchun shaxsiy sug‘urta kabi qirralarni qamrab olgan.