Janubiy Koreyadan insonparvarlik yordami yuborildi

    Koreya Respublikasidan navbatdagi insonparvarlik yordami O‘zbekistonga yetib keldi. 

    Bortida insonparvarlik yuklari bilan uchgan charter reys Seuldan Toshkentga kelib qo‘ndi.

    Bu safargi yuklar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular 150 xil tibbiy himoya vositalaridan iborat. Ularni Janubiy Koreyaning Yong‘in instituti vakillari o‘zbekistonlik hamkasblariga beg‘araz taqdim etdi.

    Koronavirus pandemiyasi davom etayotganiga qaramay, joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar ilmiy-tadqiqot instituti bilan Koreya Respublikasi Yong‘in instituti o‘rtasida memorandum imzolandi.

    Shuningdek, 2021-2022-yillar uchun ikki mamlakat o‘rtasida yong‘in xavfsizligi sohasida hamkorlik rejasi loyihasi tasdiqlanishi kutilmoqda.