O'zaro muloqot va tajriba almashishning navbatdagi manzili Koreya politsiya tergov akademiyasi hamda Koreya kriminologiya va adliya instituti bo'ldi.
Koreya politsiya tergov akademiyasi direktori Li Xyon Se bilan bo'lib o'tgan muloqot chog'ida ta'lim va ilmiy faoliyat sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi. Akademiya faoliyati, xususan politsiya xodimlarining malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini ta'lim jarayoniga joriy etish mexanizmlari o'rganildi.
Koreya kriminologiya va adliya instituti prezidenti Te Hun Ha bilan kechgan muloqotda institut faoliyati, uning tashkiliy tuzilishi, asosiy yo'nalishlari va tadqiqotlarni amalga oshirish mexanizmlari hamda davlat organlaridan buyurtmalarni qabul qilish tartibi bilan yaqindan tanishildi.
Mamlakatimiz ilm-fani yutuqlarini targ'ib qilish va o'zaro tajriba almashish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Jinoyatchilik omillarini ilmiy diagnoz qilish metodikasi» institut ilmiy jamoasiga taqdimot qilindi.
Bo'lib o'tgan muzokaralar natijasida jinoyatchilik omillarini aniqlash va bartaraf etish bo'yicha amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yish to'g'risida kelishuvga erishildi.