Byuroning Andijon viloyati hududiy bo'limlari tomonidan birgina shu yilning iyun` oyi 15 kuni davomida 75 ta qoidabuzarlik holatlari qayd etildi. 66 ta iste'molchi elektr energiyasidan, 9 nafar iste'molchi esa tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzgan.
Misol uchun, kuni kecha Jalaquduq tumani, Qo'rtqi mahallasida yashovchi fuqaro X.Mamayusupov, So'fiqishloq mahallasida yashovchi fuqaro D.Alimov, Qo'rg'ontepa tumani, Zarbuloq mahallasida yashovchi fuqaro A.Usmonovlar o'z yashash xonadonlarida elektr energiyasidan elektr hisoblagichdan tashqari noqonuniy ulanib, foydalanib kelayotganlik holati aniqlangan.
Paxtaobod tumanida esa fukaro B.YAkubov o'z xonadonida elektr hisoblagich ulanish sxemalarini o'zgartirib, noqonuniy ravishda elektr tokidan foydalanayotgani ma'lum bo'ldi.
Soha xodimlari Xonobod shahrida ham shu kabi noqonuniy holatlarni o'rganib bormoqda. Tadbirlar jarayonida Byuroning Xonobod shahar bo'limi tezkor xodimi Obod ko'chasida yashovchi fuqaro Li.Vasiliyning uyida tabiiy gaz tarmog'iga o'zboshimchalik bilan ulanib olganlik holatini qayd etgan.
YUqorida qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan soha xodimlari tomonidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, o'zboshimcha fuqarolar tarmoqdan uzib qo'yilgan.
endilikda, ushbu iste'molchilar ta'minotchi korxonaga etkazilgan zararni to'lash bilan birga qayta ulov uchun jarimani to'lagandan so'ng tarmoqqa qayta ulanishi mumkin.