Xususan, 30 yoshli bemor ayol J.D. «Umumiy oʻt yoʻli kistasi»dan aziyat chekib kelgan. Filialda ilk bor unda «Laparotomiya, Interoperatsion xoledoxoskopiya, xoledoxo-sisto-duodeno anastomoz qoʻyish» deb nomlangan operatsiya amalga oshirildi. Bunda oliy toifali jarrohlar K.Elmurodov, Sh.Elmurodov, A.Inoqov, anesteziolog Oʻ.Shaminov alohida jonbozlik koʻrsatishdi.
Markaz boʻlim boshligʻi F. Mirjalilov va filial travmatologlari tomonidan chap son suyagi yopiq parchalanib singan 40 yoshli bemor ayol A.N.da yopiq usulda BIOS qilish operatsiyasi amalga oshirildi.
Qayd etish zarurki, ilgari suyaklar singan joyi ustidan katta kesilib ochilgan. Bunda koʻplab yumshoq toʻqimalar va qon tomirni kesishga toʻgʻri keladi. Bu oʻz navbatida suyak bitishini sekinlashtiradi yoki bitmasligiga olib keladi. Yopiq usulda qilingan operatsiya tufayli esa jarohatlar juda tez bitadi. Bundan tashqari bu usul estetik ustunlikka ham ega.
Navbatdagi noyob zamonaviy yuqori texnologiyali operatsiya malakali endoskopist jarroh Sh.Zuvaytov tomonidan amalga oshirildi. 31 yoshli bemor Oʻ.Ch. ga «Jigar chap boʻlagi yiringlagan exinokokkozining xoledoxga yorilishi» tashxisi qoʻyildi.
Unda «ERPXG+EPST xoledoxdan exinokokk xitin qobigʻini va koʻplab degenerativ oʻzgargan exinokokk pufakchalarini olish, nazogastrobiliar drenajlash» amaliyoti bajarildi.
Ayni paytda bemorlarning ahvoli yaxshi. Filialda yuqoridagilar singari murakkab yuqori texnologiyali operatsiyalar soni oshayotgani quvonarlidir.









