Javohir Sindarov: “Oʻzbek shaxmatchilari uchun yaratilgan sharoitlar natija berayotganini koʻrsatyapmiz”

    Sport 21 Noyabr 2025 698

    FIDE Jahon kubogi yarim finali oldidan Javohir Sindorov oʻz fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, ikki nafar oʻzbek shaxmatchisining yarim finalga chiqishi mamlakatda shaxmatga berilgan eʼtibor va yaratilgan shart-sharoitlarning samarasidir.

    «Davlatimiz biz uchun zarur boʻlgan hamma sharoitni yaratib beryapti. Rapid va blis jahon chempionati, bu yil Grand Swiss, kuchli davra tizimidagi turnirlar tashkil etildi, kelasi yili Olimpiada boʻladi.

    Har doim davlat ham, xalq ham bizni qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻzbek boʻlganimdan va shu terma jamoa uchun oʻynayotganimdan juda faxrlanaman. Bizning yigitlar oʻrtasida juda zoʻr muhit bor, munosabatimiz juda yaxshi. Mening fikrimcha, hozir butun Oʻzbekiston juda xursand va umid qilamanki, ikkalamiz ham Nomzodlar turniriga chiqamiz. Bu juda katta voqea. Chunki eslasangiz, 2004-yilda Rustam Qosimjonov Jahon kubogi finalida oʻynagan edi, oradan 21-yil oʻtib yana bir oʻzbek finalda boʻladi.

    Bu bizning mamlakatimiz haqiqatan ham kuchli shaxmat davlatiga aylanganini koʻrsatadi. Hozir uch nafar 2700+ reytingli oʻyinchimiz bor – oʻzi ham juda zoʻr natija, deb oʻylayman.

    Albatta, oʻzbek shaxmatchilaridan biri Nomzodlar turniriga chiqishi juda quvonchli holat. Umid qilamanki, ikkalamiz ham yoʻllanma olamiz.

    Doʻstim Yakubboyevga qarshi oʻynayotganimdan ham xursandman – u bu yerda juda zoʻr oʻyin koʻrsatyapti. Biz ikkovimiz ham bitta murabbiy – Roman Vidonyak bilan ishlaymiz. Uning oʻzi uchun ham bu eng baxtli lahzalardan biri, deb oʻylayman. U ham bizdan faxrlanadi, albatta. Murabbiyimga ham, doim yonimda boʻlgan, meni va boshqa shaxmatchilarimizni qoʻllab-quvvatlaydigan mamlakatimga katta rahmat aytaman. Juda baxtiyorman", deydi u.