— Issiq havoda tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan boʻlgan kiyimlarni kiyish maqsadga muvofiq, — deydi Olmazor tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi Azizbek Nizamov. — Mavsumga mos bunday liboslar terining nafas olishiga imkon yaratadi, tana qizib ketishining oldini oladi.
Iloji boricha toʻgʻri tushayotgan quyosh nuridan saqlanishga harakat qilish va bosh kiyim kiyib yurish lozim.
Quyosh nuri soat 12:00 dan 16:00 gacha juda faol holatda boʻladi. Shuning uchun bu vaqt oraligʻida koʻchaga chiqishni rejalashtirmagan maʼqul.
Ammo tashqariga chiqishga zarurat boʻlsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan asrashga harakat qilish kerak.
Issiq ob-havoda organizmda suv balansi buziladi hamda koʻp namlik yoʻqotiladi. Shuning uchun jaziramada kuniga 3 litrdan kam boʻlmagan miqdorda suyuqlik ichish zarur.
Yoz kunlari chanqoqni olcha, olma va nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron hamda limonli suvlar bosadi.
Jazirama kunlarda qahvadan voz kechgan maʼqul. Chunki u issiq kunda charchoqni oshiradi.
Shirin va gazlangan ichimliklar ham tavsiya etilmaydi.
Issiq ob-havoda spirtli ichimliklardan tiyilish kerak.
Bu borada mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.