Sayyor sudda 28 nafar mahkumlarning ishi koʻrib chiqildi. Ularning 3 nafari Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan boʻlsa, 3 nafar mahkum tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan yengilroq jazo yaʼni axloq tuzatish jazosi bilan almashtirilib, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etildi.

Jumladan, mahkum R.Rustamov jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo tuman sudining 2019-yil 14-fevraldagi hukmiga koʻra, Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismining “b,v” bandlari, 25-, 223-moddasi 2-qismining “v” bandi bilan JKning 57,59-moddalari tartibida 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan boʻlib, jinoyat ishlari boʻyicha Sardoba tuman sudining 2019-yil 18-dekabrdagi ajrimiga koʻra, oʻtalmay qolgan 1 yil 11 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

U axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtash davrida tartib intizomni buzganligi sababli jinoyat ishlari boʻyicha Guliston shahar sudining 2020-yil 25-maydagi ajrimiga koʻra, oʻtalmay qolgan 1 yil 11 oy axloq tuzatish ishlari jazosi shu muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtiriladi. Ammo u bundan ham toʻgʻri xulosa chiqarmaydi. Natijada, jinoyat ishlari boʻyicha Guliston shahar sudining 2021-yil 27-yanvardagi ajrimiga koʻra, oʻtalmay qolgan 1 yil 3 oy ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtiriladi va jazoni Pop tuman 6-sonli JIEMda oʻtaydi.

2021-yil 7-aprelda jinoyat ishlari boʻyicha Pop tuman sudi tomonidan oʻtkazilgan sayyor sud majlisida uning iltimosnomasi koʻrib chiqiladi va uni insonparvarlik tamoyili asosida oʻtalmay qolgan 1 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosidan muddatidan oldin shartli ozod qilindi va jazoni ijro etish muassasasidan chiqarildi.

Bundan tashqari, mahkum F.Salayev 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,97-moddasining 1-qismi nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi bois jinoyat ishlari boʻyicha Qashqadaryo viloyat sudining 2017-yil 24-avgustdagi hukmiga koʻra, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

U Pop tuman 6-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazoni oʻtab kelgan. F.Salayev 2021-yil 7-aprelga qadar tayinlangan jazoni yarmidan koʻprogʻini oʻtagan, tuman sudiga muassasa tomonidan unga nisbatan taqdimnoma kiritiladi va oʻtkazilgan sayyor sud majlisida taqdimnoma koʻrib chiqilib, F.Salayev maʼmuriyat xodimlariga va atrofdagi mahkumlarga nisbatan munosabati qoniqarliligi, sodir etgan jinoyatidan pushaymon ekani, jazoni oʻtash davomida intizomiy javobgarlikka tortilmaganligini inobatga olinib uning oʻtalmay qolgan 3 yil 11 oy 24 ozodlikdan mahrum qilish jazosi, axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.

Bundan tashqari, sayyor sudda koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtayotgan 22 nafar mahkumlarga nisbatan kiritilgan taqdimnomalar ham koʻrilib, sud tomonidan tayinlangan jazoning oʻtalmagan qismini manzil-koloniyalarida oʻtash belgilandi.

Dilmurod Madaminov,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Pop tuman sudining raisi