Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Koʻksaroy qarorgohida tashkil etilgan bayram tadbirida maʼlum qildi.
«Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish – biz uchun strategik vazifa.
Shu haftada yana bir muhim farmonni imzoladim. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zoʻravonlik va tazyiq holatlariga qarshi qatʼiy tizim asosida kurash olib boramiz», – dedi Prezidentimiz.
Turli sabablarga koʻra bilib-bilmay jinoyatga qoʻl urgan ayollar ham shu yurtning fuqarolari ekani taʼkidlandi. Ularni ijtimoiy hayotga qaytarish, jamiyatning toʻlaqonli aʼzosiga aylantirish toʻgʻrisida ham jiddiy oʻylash kerakligi qayd etildi.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtayotgan ayollarning koʻpchiligi oʻrta maʼlumotli, kasbi yoki hunari yoʻq. Ayrimlari oliy taʼlim muassasalarida oʻqish istagini bildirgan.
Shu bois, bunday xotin-qizlar bilan manzilli ishlash boʻyicha “Yangi hayot” dasturi boshlanadi. Ular 3-6 oy kasb dasturlarida oʻqitilib, sertifikat oladi.
Shuningdek, mahkumalarga muassasalarning oʻzida imtihon topshirib, oliygohlarga kirish va masofaviy oʻqish imkoniyati yaratib beriladi. Kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinganlarga jazoni oʻtab, ishga joylashgandan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.