Bugungi bahs va umuman, mundialda qaysi terma jamoa gʻalaba qozonishi haqida koʻplab soʻrovlar oʻtkazildi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Ushbu jahon chempionatining oʻziga xos bir jihati – unda bildirilgan taxminlar koʻp ham oʻzini oqlamayapti.
Xususan, bundan bir oycha avval, superkompyuter futbol boʻyicha jahon chempionati finalida kim gʻolib boʻlishini “aytgan” edi. Lekin u taxmin qilgan Braziliya allaqachon yutqazib, chempionatni chorak finalda tark etdi.
Shu bois ekspertlar superkompyuterga yana bir bor shu savolni berib koʻrishdi. Hozir u Fransiya va Argentinani final gʻolibi sifatida koʻz ostiga olib turibdi. Argentina Xorvatiyani yutishiga 66,9 foiz, Fransiya Marokashni magʻlub qilishiga 75,4 foiz ishonch bildirmoqda.
Superkompyuter finalda Fransiya gʻolib boʻlishini 40,5 foiz, kubok Argentinaga nasib etishini 37,8 foiz ehtimol bilan bashorat qilmoqda. Xorvatiyaga 13,6 foiz, Marokashga 8,85 foiz umid bilan qarash mumkin emish...
Lekin shuni unutmaslik kerakki, mundial chempionligiga asosiy davogar sifatida koʻrilgan terma jamoalar yuqorida qayd etilganidek, allaqachon oʻz yurtiga ravona boʻldi. Eng kam foizlarda ishonch bildirilgan Xorvatiya esa bundan oldingi turda mundial gʻolibligiga asosiy davogar Braziliya termasini uyiga kuzatib qoʻydi. Marokash esa jahon chempionatiga doir Afrika qitʼasi davlatlari erishgan barcha natijalarni yangilab, Ispaniya va Portugaliya kabi futbol afsonalariga boy jamoalarni mundialdan chiqarib yubordi.
Shu kungacha boʻlib oʻtgan oʻyinlar va unda qayd etilgan natijalardan kelib chiqib, oldindan biror narsa deyish qiyin, albatta. Demak, koʻramiz, kuzatamiz...
13-dekabr, seshanba
23:59, Argentina – Xorvatiya
“Lusayl” stadioni
14-dekabr, chorshanba
23:59, Fransiya – Marokash
“Al Bayt” stadioni
Eslatib oʻtamiz, musobaqaning final uchrashuvi 18-dekabr (20:00)ga belgilangan.