Seshanba kungi birja savdolarida Bezosning aktivlari qiymati 8,44 milliardga oshib, 211 milliard dollarga yetdi.
Bloomberg agentligining maʼlumot berishicha, bu mazkur reytingdan joy olgan milliarderlar orasida eng yuqori koʻrsatkichdir.
Avvalgi rekord yanvar oyida qayd etilgan edi. Oʻshanda Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbari Ilon Maskning boyligi 210 milliard dollarga yetgan edi. Soʻnggi oylarda uning boyligi 181 milliardgacha pastladi.
Dushanba kuni Bezos Amazon kompaniyasi bosh direktori lavozimini tark etganini maʼlum qilgan, uning oʻrnini bundan avval Amazon Web Services servisini boshqargan Endi Jessi egallagandi.
Eslatib oʻtamiz, Jeff Bezos ayni paytda Bloombergning dunyoning eng boy odamlari reytingida yetakchilik qilmoqda. Ilon Mask ikkinchi, LVMH (Louis Vuitton Moet Hennessy) kompaniyalar guruhi prezidenti Bernar Arno ($169 milliard) uchinchi oʻrinni band etishgan.