Sessiya BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi taʼsis etgan “Havoning uzoq masofalarga transchegaraviy ifloslanishi toʻgʻrisidagi Konvensiya” kotibiyati tomonidan tashkil etildi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Atmosfera havosini muhofaza qilish siyosati boʻlimi boshligʻi Azizjon Kalimbetov ham ishtirok etyapti.

Taʼkidlash lozimki, “Havoning uzoq masofalarga transchegaraviy ifloslanishi toʻgʻrisida”gi Konvensiya BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi tomonidan 1979-yilda qabul qilingan boʻlib, atmosfera havosi ifloslanishiga qarshi birgalikda kurashishda harakat qilish uchun xalqaro huquqiy asos yaratdi.

Konvensiyaning asosiy tamoyillari — inson salomatligi va atrof-muhitni ifloslanishning salbiy taʼsiridan himoya qilish, atmosfera havosi ifloslanishi va uning oqibatlarini mintaqaviy koʻlamda tadqiq qilish hamda monitoringini amalga oshirishdir.

Mazkur konvensiya atmosfera havosiga ifloslantiruvchi tashlamalarni kamaytirishga qaratilgan asosiy xalqaro bitimlardan biri hisoblanadi.

Maʼlumot uchun, konvensiya 1983-yilda kuchga kirgan va ayni damda BMT YEIKning hududiy doirasiga kiradigan 51 davlat Konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi.

Butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham hozirgi kunda energetikaning kutilayotgan rivojlanishi havoning ortiqcha chiqindi gazlari bilan ifloslanishiga olib kelishi mumkin.

Bu esa inson sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli Konvensiya Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlar bilan bir qatorda Oʻzbekistonda ham havoga tashlamalarni nazorat qilish va kamaytirish boʻyicha aniq choralar koʻrish imkonini beradi. Natijada tashlamalarni va uning inson salomatligiga salbiy taʼsirlarini sezilarli darajada kamaytirishga erishish mumkin, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.