Jenevada Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi masalasi koʻrib chiqilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 15 Mart 2023 2032

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya Shveysariyaning Jeneva shahrida amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi.

    Shu vaqtga qadar tashrif kun tartibi boʻyicha xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Xususan, 2023 yil 14-martda Bosh vazir oʻrinbosari J.Xodjayev Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuv chogʻida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini tezlashtirish masalalari, jumladan, joriy yil 14-15-mart kunlari Ishchi guruhning 6-yigʻilishini oʻtkazish imkoniyatlari muhokama etildi. Mamlakatimizning Tashkilotga aʼzo boʻlishini jadallashtirish maqsadida JSTga aʼzo barcha davlatlar bilan tovar va xizmatlar bozorlariga kirib borish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralarni faollashtirish va ularning yakunlari boʻyicha tegishli bayonnomalarni imzolash zarurligi qayd etildi.

    JST Bosh direktori Oʻzbekiston hukumatining respublikaning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni doirasidagi saʼy-harakatlarini, shu jumladan, yirik aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borayotganini olqishladi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning faol tashabbuskorligi tufayli Tashkilot bilan hamkorlik ijobiy dinamikaga ega boʻldi.

    Ayni paytda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhining 6-yigʻilishi boʻlib oʻtyapti. 2 kun davomida boʻlib oʻtadigan mazkur yigʻilishda respublika savdo rejimining barcha jihatlariga taalluqli 10 dan ortiq yangi hujjatlar koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.