Uning taʼkidlashicha, 2025-yil JSTga aʼzo boʻlish jarayonida aniq natijalarga yoʻnaltirilgan, hal qiluvchi yil boʻldi.

Xususan, JSTga aʼzo 34 ta davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralari yakunlandi. Jarayon doirasida 40 dan ortiq muzokara raundi hamda Ishchi guruhning 2 ta yigʻilishi oʻtkazildi, 200 dan ziyod yozma savollarga javoblar taqdim etildi.

Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada, Avstraliya kabi yirik savdo hamkorlari bilan kelishuvlarga erishildi. Qayd etilishicha, hozirda faqat bitta ikki tomonlama muzokara yakunlanishi kutilmoqda. Bu borada Tayvan nazarda tutilgan.

Shuningdek, koʻp tomonlama va yuqori darajadagi hamkorlik doirasida JST Bosh direktori bilan uchrashuvlar oʻtkazildi, Nyu-York, Vashington va Jeneva shaharlarida muhim xalqaro tadbirlarda ishtirok etildi. Oʻzbekistonning iqtisodiy islohotlariga bagʻishlangan 3 ta xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Qonunchilikni muvofiqlashtirish doirasida esa JST talablariga mos ravishda 30 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

2026-yil uchun ustuvor vazifalar sifatida qolgan bitta ikki tomonlama muzokarani yakunlash, koʻp tomonlama muzokaralar va Ishchi guruh hisobotini tugatish, qonunchilikni toʻliq muvofiqlashtirish hamda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini yakuniga yetkazish belgilangan.

Qayd etilishicha, 2025-yil Oʻzbekistonning qoidalarga asoslangan xalqaro savdo tizimiga qatʼiy sodiqligini, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga tayanishini yana bir bor namoyon etdi. Erishilgan natijalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning izchil qoʻllab-quvvatlashi samarasi ekani taʼkidlandi.