JICA charmsanoat sohasiga 40 million dollar ajratiladi

    Investitsiyalar 29 Yanvar 2024 1028

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Oʻzbekiston delegatsiyasining Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vitse-prezidenti Sachiko Imoto bilan boʻlgan uchrashuvida qatnashdi.

    Muloqotda “Oʻzbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama etildi.

    Dastlab, JICA rahbariyatiga mamlakatimizda charm-poyabzal sohasini rivojlantirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xom ashyoni chuqur qayta ishlash, undan tayyor mahsulotlar olish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi, investitsiya, eksport salohiyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    Muloqotda “Oʻzbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi dasturlarni moliyalashtirish masalasi atroflicha muhokama etildi. JICA rahbariyati loyiha doirasida 200 million dollar mablagʻ ajratilishini maʼlum qildi.

    JICA dan jalb etiladigan mablagʻlar chorvachilik, charmsanoat, baliqchilik, parrandachilik sohalaridagi tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar berish orqali moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi.

    Jumladan, Ushbu oʻzlashtiriladigan mablagʻlarning 40 million dollari terini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻnalishda faoliyat yuritish niyatida boʻlgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit shaklida ajratiladi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.