Uchrashuvda JICA ning O‘zbekiston-Yaponiya strategik sherikligini jadal rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi va Agentlikning O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish maqsadlariga sodiqligi yuqori baholandi.
JICA ko‘magida O‘zbekistonda energetika, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va sog‘liqni saqlash kabi muhim iqtisodiyot tarmoqlarida umumiy qiymati 3,7 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilgan.
Agentlikning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli ish tajribasidan kelib chiqib, energetika, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, mamlakat hududlarida yangi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish yo‘nalishlaridagi loyihalarni moliyalashtirishning qo‘shimcha imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, 2022-yildan JICA O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini davlat kafolatisiz moliyalashtirishni nazarda tutuvchi Xususiy sektor investitsiyalarini moliyalashtirish (PSIF) dasturini amalga oshirib kelyapti. Mazkur dastur doirasida yangi istiqbolli loyihalar portfelini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘tgan yili imzolangan umumiy qiymati 2,4 milliard dollarlik 20 ta loyihadan iborat Dasturning amalga oshirish jarayoni alohida ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Yaponiya hukumati bilan «Ayirboshlash notalari», Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi bo‘yicha 150 million dollarlik kredit shartnomasi, JICA va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida chorvachilik, energetika, ta’lim va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlik protokolini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.