JICA: Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi oshirish yoʻlidagi hamkorlik

    Investitsiyalar 30 Avgust 2022 1961

    Joriy yil 29-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning katta vitse-prezidenti Keyitiro Nakazava boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

    Uchrashuvning asosiy maqsadi strategik jihatdan muhim va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama etishdan iborat boʻldi.

    Yaponiya tomoniga soʻnggi yillarda JICA Oʻzbekiston bilan investitsiyaviy hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani va mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi uchun minnatdorlik bildirildi. Oʻzaro ishonch va mustahkam aloqalar tufayli hozirgi kunda JICA koʻmagida mamlakatimizda 4,7 milliard dollarlik 13 ta loyiha amalga oshirilayotgani qayd etildi.

    Suhbat davomida tomonlar Oʻzbekiston uchun qishloq xoʻjaligi sohasidagi ustuvor tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratib, loyihalarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildilar. Xususan, ular “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)” (200 million dollar) kredit liniyasi birinchi bosqichi doirasida, Oʻzbekistonda 300 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etilgani va 5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilganligini taʼkidladilar.

    Muzokaralar yakunida “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)” kredit liniyasining ikkinchi bosqichi doirasida qoʻshimcha 200 million dollar ajratish boʻyicha Ayirboshlash notalarini va Qarz bitimini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Ushbu loyiha fermer xoʻjaliklari va tegishli tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida mahalliy tijorat banklariga kredit liniyasini ajratishni nazarda tutadi. Bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda raqobatbardosh meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga imkon beradi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.