Hujjat investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L.Qudratov va «JICA»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Yo.Takemura tomonidan imzolandi.
Hujjat bilan infratuzilmani samarali rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, kambag‘allikni qisqartirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda hukumat tomonidan suveren kafolat taqdim etilishini talab etmaydigan «JICA»ning xususiy sektorni moliyalashtirish bo‘yicha yangi vositasini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Joriy yil 28-may va 24-iyun kunlari vebinarlar shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikkita biznes-konferensiya davomida yangi moliyaviy vositasining amaliy jihatlari va mexanizmlari yoritiladi. Vebinarlar maqsadi O‘zbekistonning xususiy kompaniyalar rahbarlarini «JICA» tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning taklif etilayotgan yangi imkoniyatlari haqida keng xabardor qilishdir, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun: «JICA» O‘zbekistonda 1993-yildan buyon faoliyat yuritib kelyapti. Agentlikning asosiy faoliyati mamlakat iqtisodiyotining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash uchun qarz va grant mablag‘larini taqdim etishdan iborat. Hozirgi kunda O‘zbekistonda loyihalar portfelining hajmi qariyb 4,1 milliard dollarni tashkil etadi.