Suhbat chog'ida Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet doktori Nadiya bint Alimjan Qurban o'z ota-bobolarining yurti -  O'zbekistonning tarixiy shaharlari xususida so'zlar ekan, besh yil burun “VIII-IX asrlarda Buxoro va Samarqand shaharlardagi ilmiy hayot” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi yoqlaganini ma'lum qildi.

Ushbu dissertatsiyani yozish jarayonida Nadiya Qurban bir necha bor O'zbekistonda bo'lib, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo'lyozmalar institutidagi tarixiy asarlarni o'rgangani, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy inshootlarni borib ko'rganini qayd etdi.

Dissertatsiya uchta bob, sakkizta bo'limdan iborat bo'lib, unda “Tohiriylar va Somoniylar davrida Movarounnahr shaharlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, Buxoro va Samarqand hokimlarining ilm-fanga e'tibori, Buxoro va Samarqandda ilm-fan rivoji va buyuk mutafakkir olimlarining ijodiy faoliyati” to'g'risidagi ma'lumotlar o'z ifodasini topgan.

Shu o'rinda Bosh konsulxona xodimlari Nadiya Qurbanga mazkur dissertatsiya materiallari asosida kitob nashr etishni taklif qildi. Ushbu kitob uchun Bosh konsulxona tomonidan zarur fotosuratlar (“Usmon mushafi”, Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalarning suratlari) taqdim etishga hozirlik bildirildi.

Suhbatdoshlar Saudiya Arabistoni Ko'ngilochar tadbirlar Bosh qo'mitasi tomonidan 2023- yil fevral` oyida Jidda shahrida madaniy festival` o'tkazilishi rejalashtirilayotgani va bu borada katta tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilganini ma'lum qilishdi.

Mazkur tadbirda O'zbekistondan “Buxorcha” ansambli va dutorchi qizlar jamoasini taklif etish asnosida O'zbekiston vakillarining ishtirokini ta'minlashga kelishib olindi.

Suhbat chog'ida “Man's World” (Alam ar-Rajul) jurnali tahririyatining ijrochi kotibi Abdulrahmon Turkistoniy esa O'zbekistonning sayyohlik salohiyati to'g'risida maqolalarni chop etishga tayyor ekanligini bildirdi.