2022-yil 22-may kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining 19-doimiy sessiyasi oʻz ishini boshladi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari M.Tillaboyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 26-maygacha davom etadigan mazkur sessiyada ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekiston Respublikasining Saudiya Arabistoni Qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisi, Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili U.Maqsudov va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi masʼul xodimi I.Abdumajidov bor.

Sessiya doirasida 24-may kuni “Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning roli” mavzusida xalqaro seminar oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu tashabbus Oʻzbekiston vakili tomonidan Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi sifatida faoliyati davomida ilgari surilgan. Oʻzbekiston vakillari IHT IHMDK tadbirlarida muntazam faol ishtirok etib kelmoqda.

Tadbirda IHMDK Komissarlari turli xil xalqaro va mintaqaviy mutaxassislar bilan birgalikda, shuningdek IHTga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar vakillari, shu jumladan ularning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanni IHMDK raisi va IHT Bosh kotibi ochib berdi. Shundan soʻng inson huquqlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish masalalari yuzasidan milliy institutlar rolini kuchaytirishga doir taqdimotlar namoyish etildi.

Inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish har bir davlatning majburiyati boʻlib, u qonun ustuvorligini taʼminlaydigan turli xil huquqiy va maʼmuriy tizimlar orqali resurslarni teng taqsimlash va inson qadr-qimmatini hurmat qilish va kamsitmaslik tamoyillari orqali amalga oshiriladi.

Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar oʻz oʻrnida hukumatning inson huquqlari tizimlarini kuchaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarini mustahkamlashda hal qiluvchi tarkibiy qismga aylandi. Boshqa davlat tashkilotlaridan farqli ravishda, milliy institutlar oʻzining mustaqillik va doimiylik xususiyatiga asoslangan holda, inson huquqlari sohasida uzoq muddatli milliy rejalarni hamda istiqbolli strategiyalarni ishlab chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi.

IHTga aʼzo davlatlar inson huquqlari sohasida hukumat siyosatini belgilab beruvchi inson huquqlari boʻyicha kuchli milliy tizimlarni joriy qilish ahamiyatini yuqori baholaydi. Shunga binoan, IHTga aʼzo davlatlarning toʻrtdan uch qismini, yaʼni 60 foizini inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha milliy institutlar tashkil etdi.

Ushbu 34 ta milliy institutdan Inson huquqlari boʻyicha Milliy institutlar Global Alyansi talablari boʻyicha 16 tasi “A” maqomga, 16 tasi “B” maqomga va faqat ikkitasi “C” maqomga ega. Bu esa IHTga aʼzo mamlakatlarda tashkil etilgan deyarli barcha milliy institutlar Parij tamoyillariga toʻliq yoki qisman mos keladi deganidir.

IHT mamlakatlaridagi koʻplab milliy institutlar BMT va IHT institutlari bilan ham yaqin hamkorlik qilmoqda. Ular xalqaro va mintaqaviy normalar hamda standartlar milliy darajada qoʻllanilishini nazorat qilib boradi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan IHTga aʼzo mamlakatlar inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar uchun huquqiy va meʼyoriy asoslar hamda ularning inson huquqlari taraqqiyoti va himoyasidagi roli va ahamiyatini, milliy institutlarning inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiq oʻz vakolatini amalga oshirish davomida institutsional imkoniyatlarini kuchaytirish usullari va vositalari, inson huquqlari boʻyicha turli sohalarda milliy institutlarning ish faoliyatini kuchaytirish, tajriba va eng yaxshi amaliyotlarni almashish uchun maydon tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Seminarda IHTga aʼzo mamlakatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari ilgʻor tajribasi muhokama qilindi. Komissiyaning mazkur masala boʻyicha tegishli hujjati qabul qilindi.

Maʼlumot uchun: Islom hamkorlik tashkiloti hukumatlararo tashkilot boʻlib, hozirgi kunda 57 ta davlatni, shu jumladan Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonni ham birlashtirgan. IHT BMTdan keyin ikkinchi yirik davlatlararo birlashma hisoblanadi. Oʻzbekiston IHTga 1996-yilda qoʻshilgan va uning koʻp qirrali tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazining

Matbuot xizmati