Yaqin-yaqingacha yurtimizda yelka bo‘g‘imlari kasalliklarini faqat konservativ yo‘l bilan davolash imkoni mavjud edi. Yuqori texnologik muolajalar talab etilgan holatlarda esa bemorlar xorijda, asosan Hindistonda operasiya qilingan.
Endilikda bunday noyob jarrohlik amaliyotlari o‘zimizda ham o‘tkazilyapti. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yelka bo‘g‘imlari kasalliklari yelka artroskopiyasi kabi yuqori texnologik operasiyalar yordamida samarali davolanmoqda.
Kuni kecha mazkur muassasada shu kabi murakkab amaliyotlarning navbatdagisi o‘tkazildi. Bu galgi operasiyaning o‘ziga xosligi shundaki, jiddiy ortopedik xastalikka chalingan bemorda bir paytning o‘zida artroskopiya va yelka-bo‘g‘imning turli tuzilmalari shikastlanishida tiklash plastikasi bajarildi.
— Avvallari yurtimizda artroskopik yo‘l bilan faqat kaminvaziv jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan, — deydi markaz shifokori Sanjar Qodirov. — Endilikda bunday operasiyalar yirik bo‘g‘imlarda rekonstruktiv hamda plastik muolajalar o‘tkazish imkonini berayotir.
Qolaversa, bugungi operasiyada ilgari qo‘llanilmagan ba’zi usullar amaliyotga kiritildi. Eng muhimi, kam invaziv yo‘l bilan bajarilgan muolajadan so‘ng bemor avvalgidek odatiy hayotga qaytib, hatto, sport bilan shug‘ullanishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, o‘tgan 2022-yil Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yelka bo‘g‘imlari kasalliklari va jarohatlari bo‘yicha 25 o‘rinli artroskopiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Yaqin kelajakda bu yerda chanoq-son, oshiq-boldir, tirsak hamda kaft bo‘g‘imlarida ham artroskopik yo‘l bilan bunday noyob opreasiyalarni bajarish rejalashtirilgan.