Jigar hajmi kattalashishi yoxud gepatomegaliya xastaligi borasida Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova fikrlarini boʻlishdi:
— Jigar kattalashishini aniqlash usullari qanday?
— Jigar oʻlchamining kattalashganligini aniqlash qiyinchilik tugʻdirmaydi. Shunchaki, palpatsiya (silash) va perkussiya (tukillatish) amaliyotlari yordamida ham jigarning oʻlchamlari, chegaralarini bilib olish mumkin.
Shuningdek, ultratovush (UZI) tekshiruvi bunda juda ham qoʻl keladi. Bir qator laborator tekshiruvlar natijasida jigar haqida yana-da toʻliqroq maʼlumot olish mumkin. Jigar hujayralarning holatini aniqlash maqsadida biopsiya usuli ham qoʻllaniladi.
Gepatomegaliyaga olib keluvchi omil autoimmun jarayonlarni istisno qilish uchun qonda aylanib yuruvchi autoantitanalarni aniqlash kerak boʻladi. Koʻpincha bu kabi kasalliklar 25 yoshgacha boʻlgan va postklimaks yoshidagi ayollarda qayd etiladi.
Ushbu holatning sirroz natijasida kelib chiqishida anamnezda alkogol mahsulotlarini surunkali isteʼmol qilish, surunkali jigar kasalliklari, qonda gamma-globulinlar miqdorining oshishi, ishqoriy fosfataza faolligi va aminotransferazaning oshishi, protrombin va albumin miqdorining kamayishi kuzatiladi. Oʻsma kasalliklarini istisno qilish maqsadida qorin boʻshligʻi aʼzolarini MSKT tekshiruvidan oʻtkazilishi talab etiladi.
Gepatomegaliyaga sabab boʻluvchi omillar har xil boʻlgani uchun turli yoʻnalishlarda tekshiruv oʻtkazilishi zarur. Chunki, avvalo, ushbu holatga olib kelgan omilni bartaraf etish talab etiladi.
— Jigar kattalashishini davolash usullari qanday?
— Gepatomegaliyaning asosiy davosi sindromga sabab boʻlayotgan kasallikni davolashdir. Davo muolajalarida diyeta qilish, tez-tez kam-kamdan ovqatlanish, yogʻli va qovurilgan ovqatlardan cheklanish, vitamin, oqsil va mikroelementlarga boy boʻlgan ozuqa mahsulotlarini isteʼmol qilish kerak boʻladi.
Jigar hujayralari funksiyasini tiklash va ularni himoya qilish maqsadida gepatoprotektorlar buyuriladi (essensial, vitaminlar). Oʻtkir gepatit holatlarida dezintoksikatsion terapiya va maxsus viruslarga qarshi preparatlar qabul qilish zarur. Surunkali gepatitlarni bartaraf etishda interferon va immunomodulyatorlar ham yaxshi samara beradi.
Jigar abssessida antibiotiklar yoki parazitlarga qarshi preparatlar qabul qilish tavsiya etiladi hamda abssess sonatsiya qilinadi va drenajlanadi. Jigar oʻsma kasalliklari jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanadi va kimyo, nur terapiyalari olish talab etiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, gepatomegaliya xastaligini davolash uchun uning kelib chiqishiga sabab boʻlgan kasalliklarni tuzatish lozim. Shuningdek, qatʼiy parhez tutish ham talab etiladi.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.