Bunga qadar oʻzbek-rus va oʻzbek-hind qoʻshma jarrohlari 8 ta ortotopik jigar transplantatsiyasini oʻtkazgan boʻlib, bu galgi operatsiya mamlakatimiz tibbiyoti tarixiga oʻzbek mutaxassislari tomonidan mustaqil amalga oshirilgan ilk jigar transplantatsiyasi sifatida muhrlandi.

10 soatdan ortiq vaqt davom etgan operatsiyada Buxoro viloyatining Romitan tumanidan kelgan jigar sirrozi bilan xastalangan bemor — 38 yoshli Azima Roziqovaga 42 yoshli akasi Bekmurod Roziqovning jigaridan bir boʻlak koʻchirib oʻtkazildi. Hozirda bemorlarning ahvoli yaxshi, donor palataga olingan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

— Singlim koʻp yillardan beri shu dard bilan ogʻrib, vaqti-vaqti bilan muolaja qilib yurardi, — deydi donor Bekmurod Roziqov. — Dastlab tumanimizda, soʻng Buxoro shahrida koʻp marta davolandi, lekin foydasi boʻlmadi. Shundan soʻng imtiyozli order olib, ushbu shifoxonaga keldik. Hozir oʻzimni ancha yaxshi his qilyapman. Ayniqsa, singlimning ahvoli yaxshi ekanidan, ogʻir darddan xalos boʻlganidan juda ham xursandman. Shifokorlar menga ikki kundan soʻng javob berisharkan. Ularning aytishicha, jigarim 2 haftada oʻzini tiklab olar ekan. Operatsiyada ishtirok etgan barcha shifokor va hamshiralarga oʻz minnatdorligimni bildiraman.

— Bu kasallik menda 6 yil avval boshlangan edi, — deydi Azima Roziqova. — Ayniqsa shu yil ahvolim juda ogʻirlashdi, tanam shishib ketdi. Toshkentga kelib, tibbiy tekshiruvlardan oʻtganimdan soʻng, shifokorlar bu kasallikni davolashning birdan-bir yoʻli transplantatsiya ekanini aytishdi. Operatsiyadan chiqqanimga 4 kun boʻldi. Hozir ancha yaxshiman.

— Jigar sirrozi bilan ogʻriydigan bemorlar bugungi kunda yurtimizda har ming kishiga 5-6 nafarni tashkil etadi, — deya taʼkidladi operatsiyaga boshchilik qilgan jarroh, professor Mirshavkat Akbarov. — Jigar sirrozining asosiy davosi bu — jigar transplantatsiyasidir. Shu jumladan, eng koʻp transplantatsiyalardan biri yaqin qarindoshlar orasida amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda jigar transplantatsiyasi dasturini rivojlantirishning yangi bosqichi Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Rossiyaning akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sunʼiy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazi oʻrtasida memorandum imzolanishi bilan boshlandi. Hamkorlik doirasida mutaxassislarimiz bir necha bor Rossiya transplantatsiya markazida malaka oshirish kurslarida qatnashdi.

Keyin bu kabi operatsiyalarni yurtimizda mustaqil yoʻlga qoʻyishimiz kerak, degan qarorga keldik. Boisi, chet eldan mutaxassislarni chaqirish bilan bu kasallikni yengib boʻlmaydi. Bugungi kunda kamida yiliga 40-50 nafar yurtdoshlarimiz jigar transplantatsiyasi uchun xorij davlatlariga boryapti. Lekin hammaning ham bunga imkoni yoʻq. Shuning uchun ilk marta mustaqil jigar transplantatsiyasini amalga oshirdik. Aminmiz, ikki bemorimiz ham toʻliq sogʻayib ketadi. Yaqin kunlarda yana bitta jigar transplantatsiyasi amaliyotini amalga oshirishga tayyorgarlik koʻryapmiz.

Bu hali boshlanishi. Kelajakda jigar transplantatsiyasini kundalik operatsiyalar qatoriga qoʻshib, ushbu kasallik bilan ogʻrigan bemorlarimiz dardiga darmon boʻlish niyatidamiz.