Jigʻildon qaynashiga beeʼtiborlik qiziloʻngach saratoniga sabab boʻlishi mumkin

    Suhbat 6 Yanvar 2021 5091

    Savollarga tibbiyot fanlari doktori, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim rahbari Olim Gʻulomov javob berdi.

    — Yoshi kattalar, baʼzida yoshlar orasida ham jigʻildon qaynashidan shikoyat qiluvchilar uchrab turadi. Ularga uy sharoitida qanday yordam berishimiz mumkin?

    — Avvalo, bemor holatini yaxshilab oʻrganishingiz kerak. Yaʼni ovqatlangandan keyin orqada toʻsh tagida achishish bormi, qimirlasa ogʻriq kuchayadimi, jigʻildon qaynashi bir haftada bir martadan koʻpmi, shularni soʻrash kerak. Jigʻildon qaynashining oldini oluvchi tabletkalar qabul qilganda behuzurlik, toʻsh tagidagi ogʻriq yoʻqoladimi, yoʻqmi? Agar jigʻildon qaynashi bir haftada 2-marta va undan ortiq kuzatilsa, bu gastroezofago refleks kasalligi boʻlishi mumkin. Buni oʻz vaqtida aniqlab, davolatmaslik qiziloʻngach saratoniga olib kelishi mumkin.

    Shu bois, jigʻildon qaynashi tez-tez kuzatiladigan odamlarni, albatta, shifokor koʻrigiga jalb etish shart. Oilaviy poliklinikada bemor tegishli tibbiy koʻriklardan oʻtkazilib, ambulator sharoitda vrach nazorati ostida oʻz sogʻligʻini toʻliq tiklashga erishadi.

    — Oʻt-tosh kasalliklari asosan ayollar oʻrtasida qayd etiladi, buning sababi nimada, oldini olsa boʻladimi?

    — Toʻgʻri, ayollar oʻrtasida oʻt pufagi kasalliklari, jumladan, oʻtda tosh paydo boʻlishi holatlari koʻp uchraydi. Bunga homiladorlik davrida ayol organizmida roʻy beradigan gormonal oʻzgarishlar asosiy sabab sifatida koʻrsatiladi. Yaʼni, gormonal oʻzgarish tufayli safro quyuqlashadi. Ertalab ogʻiz qurishi, ogʻizdan noxush hid kelishi, ogʻiz achchiq boʻlishi oʻt pufagi kasalligi belgilaridir. Bunday vaziyatda bemorni ultratovush tahliliga yoʻllab, oʻtda tosh bor-yoʻqligini aniqlash kerak. Agar oʻtda tosh boʻlmasa, koʻp miqdorda toza suv, safro haydovchi giyoh choylar ichish, uyqu oldidan ogʻir hazm boʻladigan, xamirli taomlar yemaslik, jismoniy faol boʻlish orqali sogʻliqni asrash mumkin.

    — Oʻt pufagidagi toshni giyohlar yordamida tushirish mumkinmi?

    — Yoʻq, buning iloji yoʻq. Oʻt pufagidagi toshni faqat jarrohlik yoʻli bilangina bartaraf etish mumkin. Ilgarilari litoterapiya vositasida maydalab tushirish mumkin, degan nazariyalar ham bor edi. Biroq zamonaviy tibbiyot bu gʻoyani ham rad etdi. Bugungi zamon tibbiyot taktikasi shunday: oʻt pufagida tosh insonni bezovta qilmayotgan boʻlsa, unga tegmaslik kerak.

    Faqat bunday holatda safro haydovchi giyohlardan ichish mumkin emas. Chunki unday giyohlar toshni joyidan qoʻzgʻatib qoʻysa, bemor ahvoli birdan ogʻirlashishi mumkin. Qachonki tosh bezovta qilsagina jarrohlik yoʻli bilan oʻt olib tashlanadi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.