Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida 2019-yil 6-dekabrdan boshlangan Jinoiy daromadlarni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevroosiyo guruhiga aʼzo davlatlarning oʻzaro baholash boʻyicha ikkinchi raundi doirasida jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini baholashning asosiy tartib-qoidalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur uchrashuvda Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tadbirlar muhokama qilindi. Moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod Sultonov xususiy sektorning xabardorligini oshirish maqsadida vazirlikning rasmiy veb-saytida jinoiy daromadlarni qonuniylashtirishga qarshi kurashish boʻyicha maxsus axborot bloki joylashtirilganini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Shu bilan birga, endilikda xususiy sektor bilan hamkorlikni kengaytirish uchun tahdidlar, zaifliklar va jinoiy daromadlarni yuvishning oqibatlari haqida tushunishni kuchaytirishga qaratilgan muntazam uchrashuvlar oʻtkazib boriladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, vazirlik sugʻurta, auditorlik va lizing tashkilotlari, qimmatbaho metallar va toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar hamda joriy yil 1-maydan qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari va lotereyalar tashkilotchilari faoliyatida xavflarni baholash uchun masul hisoblanadi.
Har bir sektor uchun “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi barcha tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan ichki nazorat qoidalari tasdiqlandi, deb xabar beradi Moliya vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunida tomonlar pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishda Jinoiy daromadlarni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevroosiyo guruhiga aʼzo davlatlarning samarali hamkorligini taʼminlash va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdilar.