Ayniqsa, o‘ta og‘ir va jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Bu esa sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi
Bu nima degani o‘zi? Oddiy qilib aytganda, endi ayrim og‘ir jinoyat ishlarida faqat sudya emas, balki oddiy fuqarolar ham qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etadi. Ya’ni jamiyatni larzaga solgan, barcha muhokama qilayotgan ishlarda adolat faqat bir inson tomonidan emas, balki xalq vakillari ishtirokida qaror topadi.
Bu juda katta o‘zgarish. Chunki og‘ir jinoyatlar bo‘yicha doim jamiyatda savollar tug‘iladi. Odamlar “haqiqatan ham adolatli qaror chiqdimi”, “hech qanday bosim bo‘lmadimi”, “haqiqat to‘liq o‘rganildimi” deb o‘ylaydi. Agar shunday ishlar xalq vakillari ishtirokida ko‘rilsa, shubhalar kamayadi. Chunki qaror qabul qilish jarayonida oddiy fuqarolar ham qatnashadi.
Ingliz huquqida bu tizim asrlardan beri ishlab keladi. U yerda oddiy fuqarolar sud jarayonida o‘tirib, dalillarni eshitadi va aybdorlik masalasida qaror qabul qiladi. Bu tizimning asosiy kuchli tomoni shundaki, adolat faqat davlat organi emas, jamiyat ishtirokida amalga oshadi. Prezidentimiz aynan shu ijobiy tajribani bosqichma-bosqich joriy etish haqida gapirdi
Bosqichma-bosqich degani esa barcha ishlarga birdaniga tatbiq etish emas, avval eng og‘ir va rezonansga sabab bo‘lgan jinoyatlardan boshlash, tajriba to‘plash va tizimni asta-sekin takomillashtirishni anglatadi. Bu o‘ylangan va ehtiyotkor yondashuvdir.
Bu yangilikning eng katta natijasi nima bo‘ladi? Eng avvalo sud qarorlariga ishonch oshadi. Odamlar “sud faqat yopiq tizim emas, unda xalq ham bor” deb his qiladi. Adolat nafaqat amalga oshadi, balki ko‘rinadi ham. Chunki adolatga ishonch bo‘lmasa, jamiyatda shubha kuchayadi. Xalq vakillari hay’ati esa aynan shu ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Albatta, bu tizim haqiqiy samara berishi uchun tanlash shaffof bo‘lishi, xalq vakillari mustaqil bo‘lishi va ularning fikri haqiqiy ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Shundagina bu institut qog‘ozda emas, amalda ishlaydi.
Murojaatnomada aytilgan bu fikr oddiy yangilik emas. Bu sud tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qadamdir. Agar og‘ir va jamiyatni larzaga solgan ishlar xalq vakillari ishtirokida ko‘rilsa, adolat yanada mustahkamlanadi. Chunki adolat faqat chiqarilgan hukm emas, balki jamiyat ishonadigan qaror bo‘lishi kerak.
S.Alishayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat-protsessual huquqi sho‘basi mudiri,
yu.f.f.d (PhD)