Ushbu qaror 20-avgustdan kuchga kirdi va uning mazmuni bevosita odamlarning kundalik hayoti, ularning mahallada o‘zini qanday his qilishi, bolalarining ko‘chada bemalol o‘ynashi va oilalarning tinch yashashi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Qarorning asosiy e’tibori jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga qaratilgan. Davlat bu borada “qizil hudud” tushunchasini aniq belgilab, aynan jinoyat sodir etilish xavfi baland bo‘lgan mahallalarda alohida choralar ko‘rishni maqsad qilmoqda. Endilikda bunday joylarda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati kuchaytiriladi, balki mahalla faollari, ta’lim muassasalari, psixologlar va yoshlar bilan ishlovchi mutaxassislar ham jarayonning ajralmas qismiga aylanadi. Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurashni faqatgina militsiya zimmasiga yuklab qo‘yish emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasi sifatida qarash zarurligini ko‘rsatadi.

Prezident qarorida “xavfsiz ko‘cha” va “xavfsiz uy” konsepsiyalari alohida ta’kidlandi. Bu tushunchalar oddiy shior emas, balki amalda joriy etilishi lozim bo‘lgan mezonlardir. Ko‘chalarda zamonaviy yoritish tizimlari, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan kuzatuv kameralar, “tugmacha” tizimi va hattoki dronlardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Hamma bu texnologiyalar bir maqsadga xizmat qiladi: fuqarolar o‘zini yanada ishonchli his etishi va zarurat tug‘ilganda tezkor yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lishi.

Shuningdek, qaror bilan hokimlar, prokurorlar va ichki ishlar organlari rahbarlari o‘z hududidagi vaziyat uchun bevosita shaxsiy javobgarlikka tortiladi. Agar hudud jinoyatchilik bo‘yicha “qizil” darajaga tushib qolsa, endi bunga “tizim ishlamadi” yoki “resurslar yetmadi” kabi umumiy bahonalar keltirish mumkin bo‘lmaydi. Bu — muayyan rahbar o‘z vazifasini ado etmaganidan darak beradi. Shu orqali davlat rahbariyatining qat’iy pozitsiyasi aniq namoyon bo‘lmoqda: xavfsizlik bo‘yicha natija bo‘lishi kerak, natija bo‘lmasa, mas’ul kimligi ham aniq bo‘ladi.

Mahallalar uchun maxsus yo‘l xaritalari ishlab chiqiladi. Har bir hududda amalga oshiriladigan choralar belgilab olinadi va ular muntazam nazoratdan o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasi hamda Prezident Administratsiyasi bu jarayonni doimiy kuzatib boradi, shuningdek, natija bermagan hudud rahbarlariga jiddiy choralar ko‘riladi. Demak, bu galgi qaror qog‘ozda qolib ketadigan oddiy hujjat emas, balki ijrosi qat’iy nazorat qilinadigan real dastur sifatida hayotga tatbiq etiladi.

Qaror, shuningdek, jamiyatning o‘zida ham mas’uliyat hissini kuchaytiradi. Mahalla raislari va faollari, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, o‘qituvchilar va ijtimoiy xodimlar o‘z hududida yoshlarni nazorat qilish, risk guruhiga tushishi mumkin bo‘lgan oilalarni kuzatib borish, ularning muammolarini vaqtida hal qilishga ko‘proq jalb qilinadi. Yaxshi natijalarga erishgan mahalla yetakchilari va ijtimoiy faollar esa moddiy rag‘batlantiriladi. Bu esa odamlarni bevosita o‘z mahallasida osoyishtalik yaratishga undaydi.

Prezidentning PQ-253 qarori o‘z mohiyati bilan huquqiy hujjatdan ham ko‘ra ko‘proq jamiyatga berilgan kuchli signal hisoblanadi. Signal shundan iboratki, endilikda fuqarolarning xavfsizligi eng ustuvor masala sifatida qaraladi va bu borada barcha imkoniyatlar safarbar qilinadi. Mahallalarda tinchlik, ko‘chalarda tartib va uylar atrofi xavfsiz bo‘lishi — qarorning bosh maqsadi aynan shu.

Shunday qilib, yangi qaror oddiy odam uchun nimani anglatadi? Bu, eng avvalo, uning ko‘chasida qorong‘i burchaklarning yoritilishi, bolalari o‘ynayotgan hovlini kamera kuzatib turishi, zarurat tug‘ilganda esa bir tugmachani bosish orqali yordam kelishi demakdir. Va, albatta, bu — rahbarlarning oddiy odam oldidagi javobgarligi kuchayishi demakdir. Qonun ustuvorligi va adolat tamoyillari endi har bir mahallada, har bir ko‘chada, har bir xonadonda sezilarli bo‘lishi kerak.

 

Dastan Baltaniyazov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
PhD mustaqil izlanuvchisi.