Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining 77 va 85-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimcha kiritiladi. Unga koʻra, shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida oʻz jazosini toʻliq oʻtab boʻlgandan soʻng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga taʼsir qilmasligi va oʻz hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini taʼminlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni oʻtab boʻlgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Maʼlumot uchun, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor boʻladi, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlinishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan boʻlsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.