Tadbir Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining maslahatchisi Oʻtkir Saidov va Gʻallaorol tumani hokimi Jamoliddin Oqboyev tomonidan ochib berildi. “Jizzax viloyatida soʻnggi yillarda barcha sohalarda ijobiy oʻzgarishlar sezilmoqda va bunda turizm sohasi muhim oʻrin egallamoqda. Viloyatimizda turizmning barcha turlari: agroturizm, ekoturizm, gastronomik turizm, ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida qilinayotgan chora-tadbirlar oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Bugun “Sohibqiron darvozasi” turizm obyektida oʻtkazilayotgan “Sumalak Party” yoshlar targʻibot tadbiri ham ichki turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda uni yoshlar ishtirokida nafaqat respublikamiz boʻylab, balki butun dunyoga keng targʻib etilishida muhim rol oʻynaydi”, – dedi Gʻallaorol tumani hokimi Jamoliddin Oqboyev. Shundan soʻng tadbirning badiiy qismida milliy musiqa sadolari, harbiy orkestr jarangi, folklor jamoalar chiqishlari, milliy sport oʻyinlari, fonus va varraklar sayli oʻtkazildi.
Bundan tashqari, tadbir jarayonida bir qator faol tadbirkor ayollarga Jizzax viloyat Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan sertifikat, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tayyor boʻlgan sumalak tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan birga xayriya sifatida Jizzax shahridagi 29-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va ichki turizm targʻibotini keng ommaga yoyish maqsadida M39 yoʻlidagi sayyoh hamda yoʻlovchilarga tarqatildi.
Tadbir soʻngida Tuzimni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va hududiy boshqarma jamoasi ishtirokida “Sumalak Party” estafetasi tashkil etilib, unda “Uzbektourism_SumalakParty_in_Jizzakh” rukni ostida chellenj eʼlon qilindi va ushbu chellenj uchun maxsus kapgir tayyorlanib, Jizzax viloyati Turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Aziz Egamberdiyev tomonidan keyingi hududga chaqiriq qilindi.