Jizzax shahrida birinchi hududiy xalqaro biznes-forum boʻlib oʻtdi

    Biznes 24 Aprel 2025 4756

    Joriy yil 23-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning hududlarning sarmoyaviy imkoniyatlarini keng targʻib etish tashabbusi doirasida Jizzax shahrida hududiy xalqaro biznes-forum oʻtkazildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda 30 dan ortiq davlatdan 350 dan koʻproq yirik xorijiy kompaniyalar top-menejmenti vakillari ishtirok etdi.

    Laziz Kudratov forum ishtirokchilari qutlar ekan, oʻz nutqida Oʻzbekistonda soʻnggi 8-yil davomida amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida valyuta kursi liberallashtirilgani, soliq va bojxona tizimlari isloh qilingani, monopoliyaga barham berilgani, asosiy tarmoqlarda davlat ishtiroki qisqargani va xususiy tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar ochilganini taʼkidladi.

    Bu saʼy-harakatlar samarasi natijasida oʻtgan yili Oʻzbekistonga 35 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etildi, bu 2017-yilga nisbatan oʻn barobar koʻp. YAIM oʻsishi yiliga 6 foizdan oshyapti. Eksportchilar Yevropaga 6 200 dan ortiq turdagi mahsulotlarni bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ imtiyozlar tizimi kabi vositalar yordamida jahon bozorlariga faol integratsiyalashib boryapti. 2030-yilga borib Oʻzbekiston oʻrtacha daromadi yuqori boʻlgan davlatga aylanib, eksport hajmini ikki barobarga – 45 milliard dollarga, yalpi ichki mahsulotini esa 200 milliard dollarga yetkazishga tayyorlanmoqda.

    Mamlakat taraqqiyotida hududlarning salohiyatidan foydalanish muhimligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, Laziz Kudratov oʻziga xos geografik joylashuvi, yer resurslari, rivojlanayotgan infratuzilma, malakali ishchi kuchi kabi Jizzaxning sarmoyaviy jozibadorligiga zamin yaratayotgan bir qator omillarni keltirib oʻtdi.

    Viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, turizm jadal rivojlanyapti, bu Jizzaxni uzoq muddatli investitsiyalar uchun jozibador joyga aylantiryapti, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    “Bugungi forum shunchaki tantanali uchrashuv emas. Bu harakat platformasi. Men har biringizni ushbu kundan toʻliq foydalanishga chaqiraman. Eng muhimi, bu haqiqiy, uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi boʻladi”, — dedi ISSV rahbari.