Yigʻilish tadbirkorlarning ushbu hududlardan tushgan murojaatlarini hamda aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ijrosini muhokama etishga bagʻishlandi. Jumladan, korxonalarni va investitsiya loyihalarining tashabbuskorlarini moliyalashtirish, erkin iqtisodiy zonalar salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, zarur litsenziya va ruxsatnomalar olish masalalariga va boshqa dolzarb mavzularga toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilish ishtirokchilari tadbirkorlikni yana-da rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz gʻoya va takliflarini oʻrtaga tashlash imkoniga ega boʻldilar. Bildirilgan gʻoyalar tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida batafsil koʻrib chiqildi va konkretlashtirildi.

“Xususiydan umumiyga” tamoyili asosida biznes yuritish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda qiyinchiliklar yaratadigan tizimli omillarni aniqlash va mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun har bir murojaatni oʻrganishga alohida yondashishning ahamiyati qayd etildi.

Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish boʻyicha Shtab mutaxassislari kelib tushgan muammoli masalalarni oʻrganish va hal qilishda davom etishlari, birorta murojaat tegishli javobsiz qoldirilmasligi taʼkidlandi.

Yigʻilish yakunida ishtirokchilar loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish va eksport faoliyatida tadbirkorlarni samarali qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashga oid doimiy qaytma aloqa mexanizmini yaratish zarurligi toʻgʻrisida kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.