Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarda “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvorlik kasb etmoqda. “Inson – jamiyat – davlat” g‘oyasi davlatimizning eng oliy maqsadiga aylandi. Har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti, zamonaviy infratuzilma, ijtimoiy himoya tizimi va sog‘lom ekologik muhit yaratish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yish esa asosiy vazifalarimiz hisoblanadi.
Yurtimiz hududining markaziy qismida joylashgan Jizzax viloyatida ham mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti tobora olg‘a odimlamoqda. Qaysi sohani olmang, rivojlanish sari ilgarilab borayotganiga guvoh bo‘lasiz. Jizzaxda qurilayotgan turarjoy, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, ishlab chiqarish korxonalari ko‘lami hududda shu paytga qadar bunday ulkan o‘zgarishlar bo‘lmaganini ko‘rsatib turibdi.
Barcha sohalardagi islohotlar samarasi o‘laroq, ishlab chiqarish korxonalari sonining oshib borishi natijasida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi tarixda ilk bor 27,1 trillion so‘mga yetdi.
Joriy yilning o‘zida viloyatda 590 million dollarlik 8 ta yirik loyiha va 656 million dollarlik 136 ta hududiy sanoat loyihasi ishga tushiriladi. Natijada 8,1 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Hududda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 14 foiz oshadi. Maxsus sanoat zonalarida umumiy qiymati 150 million dollarlik 58 ta loyiha ishga tushiriladi.
“Uchquloch” qo‘rg‘oshin-rux konini qayta tiklash loyihasi ishga tushirildi. Kondan yiliga ochiq usulda 500 ming tonna yarimmetall ruda qazib olinib, loyiha doirasida yaqin kelajakda rudani qayta ishlash fabrikasi quriladi. Natijada har yili 5 ming 400 tonna rux konsentrati hamda 18 ming 400 tonna qo‘rg‘oshin konsentrati olinadi. Loyiha bo‘yicha mavjud rudalar ombori va maydalash-ortish uzeli to‘liq ta’mirlanadi. Tashqi muhandislik kommunikasiyalari barpo etiladi. Avtomobil va temir yo‘llarda rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Muhimi, loyiha amalga oshirilishi natijasida kamida 600 ish o‘rni yaratiladi hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi.
Gʻallaorol tumanidagi “Qo‘ytosh” konini o‘zlashtirish va atrofida geologiya qidiruv ishlari olib borish davom etmoqda. Umuman, ushbu sohada qiymati 460 million dollarlik 31 ta investisiya loyihasini ishga tushirish belgilangan.
Viloyatda aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 2022 yilgi uy-joy dasturi doirasida 1504 xonadonli 49 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun jami 19,7 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Bu shuncha xonadonning og‘iri yengil bo‘ldi, oilaga quvonch va shodlik kirdi degani. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan maqsad ham shu-ku, aslida.
Joriy yilda turli massivlarda jami 3 ming15 xonadonli 79 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilib, zaruriy infratuzilma bilan ta’minlanadi. Yana minglab yurtdoshlarimiz uyli-joyli bo‘ladi. Eng xayrli, adolatli tomoni shundaki, bu uylar asosan, uysiz, yordamga muhtoj oilalarga beriladi. Bu uylardagi sharoitlar esa katta shaharlardagidan aslo qolishmaydi.
Viloyatda “Yashil iqtisodiyot”ni joriy etish rejalari ham jadal amalga oshirilmoqda. Davlat idoralari va ishlab chiqarish korxonalari, fuqarolarning xonadonlariga quyosh panellari, isitish uskunalari o‘rnatilmoqda. Demak, endi qishli-qirovli, sovuq kunlarda ushbu korxonalar va idoralar ishchilari, xonadonlar egalari bugun elektr o‘chib qolmasmikan, degan xavotir bilan yashamaydi.
Gʻallaorol tumanida Birlashgan Arab Amirliklari “Masdar” kompaniyasining 200 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyasi hisobiga 220 megabaytli yirik quyosh stansiyasi ishga tushirilishi natijasida joriy yilda 100 million kilovat-soat va 2024 yilda to‘liq quvvatga chiqib 500 million kilovat-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida Forishda 150 megabayt quvvatga ega yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda. Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 13 ta ob’yektda quvvati 30 megabayt bo‘lgan kichik fotoelektr stansiyalari barpo etiladi. Zafarobod tumani hududidan o‘tuvchi kichik daryochada qiymati 4,3 milliard so‘mlik 2 ta mikro gidroelektrstansiya quriladi.
Aholining ko‘makka muhtoj qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash maqsadida o‘tgan yili boshlangan yangi tizim asosida dehqon xo‘jaligini yuritish uchun paxta-g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobiga 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratish ishlari davom ettirilib, joriy yilda 4,5 ming gektar yer maydoni mazkur toifadagi aholiga berilishi belgilangan. Shuningdek, sohada mavsumiy ishlarga jalb qilish orqali faqatgina qishloq xo‘jaligi yo‘nalishining o‘zida 75 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Shuni ham alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2-maydagi “2023–2025-yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori viloyatning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqishiga yo‘l ochdi.
Mazkur qaror bilan viloyatni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, foydalanilmayotgan davlat aktivlari, mavjud tabiiy resurslarni ishga tushirish, ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari va muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini qurish va ta’mirlash orqali aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga oid chora-tadbirlar belgilab olindi. Mazkur hujjatga asosan ajratilgan mablag‘lar hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yo‘lbo‘yi infratuzilmasidan foydalangan holda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish, kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash, kommunikasiya tarmoqlarini qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish natijasida viloyat aholisining 530 ming nafari yoki 36 foizining yashash sharoitlari yaxshilanishiga erishiladi. Jumladan, joriy yilda 135 ming nafar aholini ish bilan band qilish orqali viloyatda ishsizlik darajasi hozirgi 9,3 foizdan 8,7 foizga tushiriladi.
Viloyatimizda pillachilikni rivojlantirish orqali tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari, shuningdek, respublikamiz bo‘yicha yangilik bo‘lishi kutilayotgan Baxmal, Zomin, Yangiobod tumanlarida choy yetishtirishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Agar bu ish muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, O‘zbekiston choy import qiluvchi mamlakatdan eksport qiluvchi o‘lkaga aylanadi.
Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va xomashyo zaxiralarini chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida 25 ta yer qa’ri uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.
Aholiga yangi tizim asosida dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida 16 ta “Agregator” loyihasi amalga oshirilib, shu orqali viloyatdagi 18 ta mahallada 1200 nafar aholi uchun ish o‘rni yaratiladi. Yiliga o‘rtacha 15,4 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholidan yig‘ib olinib, mahalliy va tashqi bozorlarga sotilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur qaror bilan qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘p yillardan buyon ishlatilmasdan turgan 1371,7 gektar yer maydonlarining toifasi o‘zgartirilishi natijasida umumiy qiymati 1,7 trillion so‘mlik 1250 ta loyiha tashkil etiladi va 5400 nafar fuqaro ishli bo‘ladi. Xususan, xizmat ko‘rsatish sohasida jami 293,5 gektar infratuzilma mavjud bo‘lgan yo‘lbo‘yi yer maydonlarida qiymati 125 milliard so‘mlik 1051 ta loyiha amalga oshiriladi.
Qaror asosida 8 ta mehmonxona, 407 ta savdo do‘koni, 124 ta umumiy ovqatlanish, 118 ta avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, 63 ta sanitariya-gigiyena va 151 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 31 ta sport va sog‘lomlashtirish markazi, 98 ta kemping, 42 ta basseyn hamda tibbiy xizmat sohalarida 9 ta loyiha ishga tushiriladi. Sanoat sohasida jami 1078,3 gektar yer maydonida umumiy qiymati 1,6 trillion so‘mlik 192 ta loyiha tashkil etilishi hisobiga 2650 ta yangi ish o‘rni vujudga keladi.
Mazkur qaror bilan joriy yilda viloyatda 2 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilib, umumiy qiymati 4,8 trillion so‘mlik 36 ta investisiya loyihasi ishga tushiriladi. Ushbu loyihalar doirasida 343 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investisiyasi va kreditlari jalb qilinadi. Natijada yangi mahsulot turlari ishlab chiqarilib, shu orqali qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratiladi.
Ushbu kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasi bilan ta’minlash uchun jami 113,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, umumiy qiymati 449,8 million dollar bo‘lgan 20 ta yirik loyihani amalga oshirish orqali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, 8 ta loyiha doirasida xorijiy brendlar asosida ishlab chiqarishni o‘zlashtirish orqali 935 million dollarlik investisiya jalb qilinib, elektromobillar va quyosh panellari ishlab chiqarish boshlanadi.
Qarorda dunyoga mashhur Italiyaning “Cotonella”, Rossiyaning “Ostin”, “Tvoye”, “Gloria jeans” hamda “Faktor Zolla” kompaniyalari brendi asosida hududdagi korxonalar tomonidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, tayyor mahsulotlar Yevropa va Osiyo davlatlariga eksport qilinishi belgilangan.
Viloyat aholisi uchun eng zarur va ahamiyatli bo‘lgan ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari va kommunikasiyalar holatini yanada yaxshilash uchun 205 ta ob’yektga respublika byudjetidan 406,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Ushbu mablag‘ hisobiga viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi qurilish, ifratuzilmani rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari binolarini zamonaviy me’morchilik asosida bunyod etish ishlari yanada kengayadi.
Viloyatning hozirgi taraqqiyot ko‘rsatkichlari, 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan ulkan ijtimoiy va iqtisodiy loyiha hamda ustuvor vazifalar tahlilidan kelib chiqib aytish mumkinki, Jizzax yaqin kelajakda Yangi O‘zbekistonning eng obod va rivojlangan hududiga aylanadi.
Abduvali MUSTANOV,
Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot
va kambag‘allikni qisqartirish
masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari