Ishchi guruh tomonidan oʻrganish jarayonida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar belgilab berildi. Xususan, viloyat boʻyicha gaz tartiblash punktlaridagi baypas tarmoqlarini yopib, isteʼmolchilarga reduktor orqali tabiiy gaz yetkazib berilishini yoʻlga qoʻyish, gaz tartiblash punkti reduktorlarini taʼmirlab, ishga tushirish, ularning bir qismiga monometr oʻrnatish, yana bir qismini taftish qilish va turli darajada taʼmirlash ishlarini amalga oshirish ishlari belgilab berildi.
Viloyatda tabiiy gaz isteʼmolchilari soni 151 972 tani tashkil etadi. Isteʼmolchilarga kuz-qish mavsumida jami 569,0 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.
Isteʼmolchilarni tabiiy gaz bilan taʼminlash uchun 5 678,3 kilometr gaz quvurlari va 5 394 ta gaz taqsimlash punktlaridan foydalaniladi.
Ayni paytga qadar 3,8 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi hamda 5 126 ta gaz taqsimlash punktlari texnik taftishdan oʻtkazildi.
Viloyatda 26 ta gaz taqsimlash stansiyasi mavjud. Joriy yil 1-oktyabrdan boshlab 15 ta maxsus texnika va 60 nafar xodimlardan iborat 15 ta tezkor brigada faoliyat yurita boshlaydi.
Shuningdek, viloyatda 86 126 ta aholi xonadonini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash uchun 5 ta avtotsisterna va 29 ta ISUZU avtomashinasidan foydalaniladi. Shu bilan birga, viloyatda 4 ta gaz toʻldirish stansiyasi va punkti hamda 9 ta gaz ballon saqlash servis markazlari faoliyat yuritmoqda.
Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha muassasalarini bir maromda tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida barcha mavsumiy isteʼmolchilarga, 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab tabiiy gaz yetkazib berilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish, aholi xonadonlarida mavjud gaz asboblari dudburonlarining sozligini oʻrganish va ularni tozalash boʻyicha Jizzax viloyatida servis xizmati tashkil etish topshirigʻi berildi.
Shuningdek, aholi xonadonlaridagi nostandart va maʼnaviy eskirgan isitish qozonlarini energiya tejamkor qozonlarga almashtirish choralarini koʻrish, kuz-qish mavsumida viloyat aholisiga 9 139 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishini taʼminlash, “Qizil” hudud deb belgilangan Jizzax shahri aholi xonadonlariga 32 440 dona elektron gaz hisoblagichlarni 2020-yil 1-dekabrga qadar oʻrnatish lozimligi belgilab berildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.