“Shifokor-82” (Oʻzbekiston) va “Avantika Medex Pvt. Ltd.” (Hindiston) kompaniyalari hamkorligida Zomin tumanida 11,5 gektar maydonda tayyor farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qoʻshma korxona bunyod etilmoqda.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 30 million AQSH dollari miqdordagi mablagʻ, jumladan, 15 million dollar xorijiy sarmoya yoʻnaltirilmoqda. Bu yerda tabletka, kapsula, inyeksiya, gel va boshqa shakllardagi dori vositalari ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.
“Shifokor-82” va “Avantika Medex Pvt. Ltd.” kompaniyalari uzoq yillardan beri hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va xalqaro hamkorlik samaradorligi ushbu kompaniyalarni shu paytgacha Hindistondan import qilinayotgan dori vositalarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga undadi.
Yangi qoʻshma korxonada tayyorlanadigan mahsulotlarning 70 foizini tashqi bozorga va 30 foizini ichki bozorga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.