Jizzaxda ayrim tuman hokimlarining raqobatga zid qarorlari bekor qilindi

    Raqobat qoʻmitasi viloyatdagi 10 ta tuman hokimligi va 9 ta tashkilotning 124 ta hujjatida qonun talablari buzilganligini aniqladi. Ushbu holatlar yuzasidan hokimliklarga tegishli taqdimnoma va koʻrsatmalar kiritilib, qarorlar bekor qilingan.

    Jizzax viloyatidagi ayrim tuman hokimlarining qarorlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, qoʻmitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024-yilning birinchi yarmi mobaynida 10 ta tuman hokimligi va 9 nafar mahalliy davlat boshqaruvi organida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablari ijrosi yuzasidan 2 297 ta qaror, 1 662 ta Farmoyish, 148 ta ichki yigʻilish bayonlari, 1 750 ta buyruq, 31 577 ta chiqim xatlar va 1 491 ta boshqa, jami 38 925 ta huquqiy-normativ hujjatlar xatlovdan oʻtkazildi.

    Shundan jami 124 ta, yaʼni 78 ta qaror, 32 ta Farmoyish, 14 ta chiqim xatlarni qabul qilishda qonun talablari buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.

    Jumladan:

    • Baxmal tuman hokimining 2023-yil 31-maydagi Farmoyishiga asosan “20 ming tadbirkor-500 ming malakali mutaxassis” dasturini tashkil etish boʻyicha tuman ishchi guruhi tarkibiga AT “Agrobank” va AT “Xalq banki” boshqaruvchilari, “Mikrokreditbank” va “Turonbank” Baxmal BXM rahbarlari hamda “Oʻzagrosugʻurta” tuman boʻlimi rahbari kiritilgan.
    • Doʻstlik tuman hokimining 2023-yil 28-dekabrdagi qaroriga asosan tuman hududidagi transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibiga tadbirkorlik subyekti rahbarlari, yaʼni “Jahongir Kamoltrans avto” xususiy firmasi rahbari, “Toxirbek Servis” MCHJ ishlab chiqarish texnika boʻlimi muhandisi va “Ali-Oil” koʻp tarmoqli xususiy firmasi rahbari kiritilgan boʻlib, aynan yuqoridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bino-inshootlari tanlangan.
    • Zafarobod tuman hokimining 2023-yil 14-iyundagi xatiga asosan Jizzax viloyati hokimiga 2023-yil manzilli dasturga kiritilgan obyektlar qurilishiga “Imronbek-Imona” MCHJ ni bosh pudratchi etish tavsiya qilingan.
    • Mirzachoʻl tuman hokimining 2023-yil 10-martdagi qaroriga asosan Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasi tarkibiga “Mirzachoʻltrans” MCHJ direktori hamda “Umid” tezkor taʼmir MCHJ katta ustasi kiritilgan boʻlib, Texnik koʻrikdan oʻtkazish joyi sifatida 33 ta holatda “Umid” avtotexservis MCHJ binosi tanlangan.
    • Forish tuman hokimining 2023-yil 20-yanvardagi qaroriga asosan transport vositalarini yillik Davlat texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasi tarkibiga “Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasi AJ menejeri va AT “Xalqbanki” Forish tuman boʻlimi boshqaruvchilari kiritilgan.

    Ish yurituvga olingan ishlar soni 4 tani tashkil etib, Gʻallaorol, Paxtakor, Zafarobod tuman hokimliklari hamda viloyat Madaniyat boshqarmasiga Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktyabrdagi № 225-sonli qarori va tasdiqlangan Nizomga asosan Ish qoʻzgʻatildi va hududiy maxsus komissiyaning qaroriga asosan koʻrsatmalar yuborildi.

    Shuningdek 7 ta, yaʼni Zarbdor, Doʻstlik, Arnasoy, Mirzachoʻl, Yangiobod, Forish va Baxmal tuman hokimliklariga Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi №694-sonli qaroriga asosan qonun buzilish holatlarini toʻxtatish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan.

    “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan mahalliy davlat boshqaruvi organlari hamda tuman hokimliklari tomonidan yuqoridagi hujjatlari bekor qilindi va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi.